Bepushtlikning  davosi …

0
2137
marta koʻrilgan.

Onalik, otalik baxti — oilaning toʻkis baxti-yu taxti. Oilaning ushbu  quvonchlari har qanday ayolu erkakning  orzu- umidi. Jamiyatning esa taraqqiyotini taʼminlovchi omil! 

Ammo, ming afsuski, erta turmush qurish, stress va depressiya holatlari, fojiali voqealar, ekologik nomuvofiqlik, sifatsiz mahsulotlar va bir qancha yetishmovchiliklar sababli hamma oilaga ham farzand koʻrish nasib etmaydi. Bepushtlikning oldini olish uchun ayolu erkaklar ham tashqi, ham ichki salomatlikka ega boʻlishlari shart. Tashqi salomatlik sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish, ichki salomatlik esa oilani muqaddas bilib, axloqiy pokizalikka, maʼnaviy goʻzallikka, saranjom-sarishtalikka amal qilishdir. Ammo,  koʻpchilik ayolu erkaklarga ekologik muammolar, notoʻgʻri hayot tarzi, doimiy stress va boshqa omillar sababli ota-ona boʻlish baxti nasib etmayapti.

BEPUSHTLIKKA FAQAT AYOL AYBDORMI?
Odatda, har bir ayol ona boʻla olmayotganiga oʻzini aybdor sanaydi, ammo bu notoʻgʻri. Chunki soʻnggi 5-10 yillikda bepushtlikka koʻproq otalar sabab boʻlayotgani aniqlangan. Ularning salomatliklaridagi muammolar sabab oila tirnoqqa zor boʻlib qolmoqda. Bu bilan biz aybdor kimligini aniqlamoqchi emasmiz, aksincha, bepushtlikdan xalos boʻlish borasida erkak-u ayol birdamlikda tibbiy koʻriklardan oʻtishlari, muolaja davrida bir-birlarini qoʻllab quvvatlashlari maqsadga muvofiqligini taʼkidlamoqchimiz..

XALQ TABOBATIDA BEPUSHTLIKNI DAVOLASH MUMKINMI?
Albatta, mumkin. Faqat mutaxassis shifokorlar tekshiruvidan oʻtgach, ularning tavsiyasi bilan zamonaviy profilaktik muolajaga qoʻshimcha yordam sifatida xalq tabobatidan foydalansa boʻladi. Chunki, har qanday sharoitda mutaxassis shifokor bemorning vujudi nimaga muhtojligini biladi. Zamonaviy tibbiyotda aniqlanishicha, inson organizmida Ye, S vitamini va rux mineral moddasi yetarli boʻlsa, u farzandsizlikdan qiynalmaydi. Shundan anglanadiki, tarkibida ana shu darmondorilarni saqlaydigan har qanday dorivor oʻsimlik, sabzavot va mevalar bepushtlikdan qiynalayotgan kishilarga yordam beradi.

ZIRA — BEPUSHTLIKNING XALQONA VOSITASI
Zira tarkibida aynan S, Ye vitaminlari, rux, marganets va selen elementlari mavjud. Bu esa erkaklarning quvvatini oshiradi va erkaklik jinsiy gormonlarining ishlab chiqarilishini yaxshilaydi. Koʻpchilikka maʼlumki, testosteron erkaklar uchun juda ahamiyatli gormon hisoblanadi. U organizmdagi juda koʻp jihatlarga javob beradi, shu qatori jinsiy jarayonga ham. Ziradagi fitosterollar aynan ana shu jinsiy gormonning ishlab chiqarilishini  yaxshilovchi, erkaklik quvvatini barqarorlashtiruvchi vosita boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu element erkaklar jinsiy organining qon bilan taʼminlanishiga ham koʻmaklashadi.

Eng asosiysi oilaviy osoyishtalik, bir-biriga mehr-oqibatli boʻlish hamda bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashashdir. Kayfiyat koʻtarinki va mehr-muhabbat yuksak boʻlgan joydan dard chekinadi.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.