Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan yurtimizda 3-bosqich sinovlari muvaffaqiyatli oʻtgan, oʻzbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 1 million dozasi Xitoydan yurtimizga olib kelindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A. Abduvohidov, Sogʻliqni saqlash vaziri A. Xadjibayev, Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov va boshqa masʼul idora mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston va Xitoy yangi vaksinani birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishgani bildirilgan edi. 2021-yil 1 mart kuni ZF-UZ-VAC 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Bundan avvalroq, 17 mart kuni mamlakatimizga 660 ming doza “COVID-19”ga qarshi AstraZeneca vaksinasi ham olib kelingani haqida xabar bergan edik. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining GAVI tashkiloti bilan hamkorligi doirasida yilning oxiriga qadar mamlakatimizga umumiy mikdorda 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajadagi ushbu vaksinani, shprits va xavfsiz utilizatsiya qutilarini yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
Hozirda emlash jarayonini boshlash uchun 3 ming 138 ta emlash punktlari hamda 862 ta mobil brigadalari shay holga keltirilgan. Shuningdek, vaksinalarni tashish va hududlarga yetkazish uchun YUNISEF 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206 ta Miniven-Labo avtomobillarini taqdim etgan.
Joriy yilda “COVID-19”ga qarshi emlanishi koʻzda tutilgan fuqarolarning xavf guruhlariga koʻra taqsimoti quyidagicha: 65 yoshdan 74 yoshgacha boʻlganlar; 75 yoshdan 84 yoshgacha boʻlganlar; 85 yosh va undan yuqori boʻlganlar; Tibbiyot xodimlari; Surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh); Maktab xodimlari; Maktabgacha taʼlim xodimlari; Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.