Taʼtil tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bolalar jamoat joylariga kirganida albatta, immuniteti yuqori darajada boʻlishi kerak. Chunki, kasallikka chalinmaslik yoki uni yengil oʻtkazishda immunitet katta ahamiyatga ega.
Maktab oʻquvchilaridagi immunitet zaifligiga koʻpincha vitaminlar tanqisligi, miriqib uxlamaslik, muntazam ruhiy buzilishlar sabab boʻladi. Vitaminlar tanqisligini toʻgʻri ovqatlanish orqali ham oldini olish mumkin. Toʻgʻri ovqatlanishni tashkil qilishdagi birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanish kerak. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam boʻlishi va jadvalga muvofiq boʻlishi kerak.
Maktab oʻquvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar koʻpincha bolalarga zarur boʻlgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga toʻsqinlik qiladi.
7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning oʻzida ham oʻsish va ham bilim olish masʼuliyati turganini unutmaslik kerak. Bu esa oila aʼzolaridan alohida eʼtibor talab etadi.
Agar bolada ozgʻinlik yoki ortiqcha vazn boʻlsa, shifokor maslahati zarur. Sport bilan shugʻullanadigan oʻquvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzilishi talab etiladi.
Yodlangan tuzni doimiy istemol qilish, suv ichish rejimiga amal qilish va ovqatlanish ratsionida vitanimlarga boy boʻlishi kerak.
A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yoʻllarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yongʻoqlar, albatta, bolalar ratsionida boʻlishi maqsadga muvofiq.
Maktab yoshidagi bolalarining organizmi maʼlum tartib-koʻnikmalarga moslashadi. Shuning uchun uxlash, ovqatlanish, oʻynash, yurish-yugirish va mashq qilish uchun vaqt topish juda muhimdir. Immunitetni yaxshilash uchun bolani yoshligidanoq rejimga koʻniktirish yaxshiroqdir. Turli yoshlarda ertalab turish, tushlik qilish, uy vazifasini bajarish va yotishga tavsiya etilgan vaqt mavjud.
Kichik maktab yoshidagi bola kechqurun soat 21:00da yotishi va ertalab soat 7:00da turishi kerak, kattaroq oʻquvchilar keyinroq, soat 22:00da yotishlari mumkin. Toʻliq kunlik dam olish immunitetga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm tezroq boʻladi, shuning uchun bolalar bu soatlarda yaxshi oʻsadi.
Uydagi ijobiy -ruhiy vaziyat bolalar salomatligining muhim shartidir. Maktab oʻquvchisining psixologik holatini barqarorlashtirishning eng yaxshi usullari bu doʻstlar bilan yaxshi muloqatda boʻlish, sevimli mashgʻulotlari bilan shugʻullanish, ota-onalar bilan birgalikda koʻngilli tomosha koʻrish, oʻyin oʻynash va sayohat qilish kabilardir.
Xulosa qilib aytganda, maktab oʻquvchilarini immuniteti oshirish uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish katta ahamiyatga ega. Yaʼni toʻgʻri ovqatlanish, vaqtida uxlash, kun tartibini toʻgʻri tashkil etish(aqliy mehrat bilan jismoniy mehnatni muntazam almashtirib turish) va eng asosiysi: oilaviy osoyishtalik, oʻzaro doʻstona munosabatlar katta ahamiyatga ega.
Oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.