Bola kasallikka chalinmasligi yoki uni yengil oʻtkazishida immunitetni kuchaytirish katta ahamiyatga ega.
Toʻgʻri hamda sifatli ovqatlanish, oʻz vaqtida uyqu va osoyishta hayot bola immunitetini kuchaytiradi. Maktab oʻquvchilaridagi immunitet zaifligiga koʻpincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress sabab boʻladi.
Psixologik holat va bolalar immuniteti oʻzaro bogʻliq. Uydagi ijobiy psixologik holat bolalar salomatligining muhim shartidir. Siz bolaga baland ovozda gapirmasligingiz, tez-tez tanbeh bermasligingiz kerak. Maktab oʻquvchisining psixologik holatini barqarorlashtirishning eng yaxshi usullari bu doʻstlar bilan uchrashish, sevimli mashgʻulotlari bilan shugʻullanish, ota-onalar bilan film tomosha qilish, oʻyin oʻynash va sayohat qilish kabilardir.
Sogʻlom uyqu va kun tartibi ham katta ahamiyatga ega. Maktab yoshidagi bolalarining organizmi maʼlum koʻnikmalarga moslashadi. Shuning uchun oʻz vaqtida uxlash, ovqatlanish, oʻynash, yurish va mashq qilish uchun vaqt topish juda muhimdir. Immunitetni yaxshilash uchun bolani yoshligidanoq rejimga koʻniktirish foydalidir. Turli yoshlarda ertalab turish, tushlik qilish, uy vazifasini bajarish va yotishga tavsiya etilgan vaqt mavjud.
Kichik maktab yoshidagi bola kechqurun soat 21:00da yotishi va ertalab soat 7:00da turishi kerak, kattaroq oʻquvchilar keyinroq, soat 22:00da yotishlari mumkin. Toʻliq kunlik dam olish immunitetga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm faollashadi, shuning uchun bolalar bu soatlarda yaxshi oʻsadi.
Oʻz vaqtida ovqatlanish ham katta ahamiyatga ega. Maktab oʻquvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar va oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan ogʻir yuklama koʻpincha bolalarga zarur boʻlgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga toʻsqinlik qiladi. 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning oʻzida oʻsish va oʻrganish vazifalarini turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida eʼtibor talab etadi.
Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanish kerak. Soat 7:30-8:00da nonushta (uyda, maktabga ketishdan oldin), 10:30-11:30da maktabda issiq nonushta, 14:00-15:00da maktabda tushlik yoki uyda 19:00-19:30da kechki ovqat.
Agar bolada ozgʻinlik yoki ortiqcha vazn boʻlsa, ovqatlanishni sozlash uchun shifokor maslahati zarur. Sport bilan shugʻullanadigan oʻquvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzatilishi talab etiladi.
Yodlangan tuzni doimiy istemol qilish, suv ichish rejimiga amal qilish va ovqatlanish ratsionida vitanimlarga boy boʻlishi kerak.
Immunitetni oshirishga tabiiy antioksidant boʻlgan asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq yordam beradi. A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yoʻllarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yongʻoqlar, albatta, bolalar ratsionida boʻlishi maqsadga muvofiq.
Toʻgʻri ovqatlanishni tashkil qilishdagi birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam va jadvalga muvofiq boʻlishi kerak.
Yulduz MOʻMINOVA, oliy toifali vrach