Avvalo, immunitet haqida tushuncha berib oʻtsak. U bizga nima uchun kerak? Infeksiya va bakteriyalarga qarshi tanamizdagi immun tizimi kurashadi. Immunitet har bir organizmda individual shakllangan boʻladi. Bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan goʻdakka ona suti orqali oʻtadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil boʻladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi. Tugʻilgandan soʻng bolada sunʼiy immunitet hosil boʻlishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo boʻladi.
Soʻnggi paytlarda bir yoshgacha boʻlgan bolalar orasida shamollash koʻp uchrab turibdi. Sababi onaning homiladorlik davrida koʻp shamollashi, ota-onaning TORCH infeksiyasini yuqtirib olganligi va ularda anemiya (kamqonlik) kabi kasalliklar aniqlangani asosiy sabablardan biridir. Shuningdek, boʻlajak onaning homiladorlikda toʻgʻri ovqatlanmasligi ham buning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bolada immunitet tanqisligiga yuqoridagilar yetarli sabab boʻla oladi.
Immunitet bilan bogʻliq muammolarga yana bir qancha omillar sabab boʻlib, avvalo bolani pediatr-shifokor tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib, soʻng aniq xulosaga kelish mumkin.
Nasldan-naslga oʻtuvchi yuqumli, infeksion va surunkali kasalliklar ham bolaga ota-onadan oʻtishi tibbiyotda isbotlangan. Shu sababli ota-ona salomatligi bola hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Birinchi navbatda homiladorlikni rejalashtirishdan avval ona oʻz salomatligini tiklashi va sogʻlom farzand dunyoga keltirishi uchun qaygʻurmogʻi kerak. Onaning salomatligi, homiladorlik davrini yaxshi kayfiyatda oʻtkazishi bolaning sogʻligʻi uchun muhimdir.
Immunitet pastligi qanday aniqlanadi? Agarda bola yil davomida OʻRVI(oʻtkir respirator virusli infeksiya), gripp, bronxit kabi kasalliklarga tez-tez chalinsa, unda immunitet pasayganini bilish mumkin. Yana goʻdakda kamqonlik aniqlangan boʻlsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi) immunitet tizimi ish faoliyatini susaytiradi.
Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda bemor goʻdakning kasal boʻlgan kunlarining choʻzilishi ham uning salomatligiga jiddiy taʼsir etadi.
Shuningdek, bolaning umumiy ahvolidan ham uning immuniteti pastligini bilish mumkin. Masalan, bemorning koʻz atrofi koʻkarishi mumkin. Unda holsizlanish va kamquvvatlilik kabi belgilar kuzatiladi.
Koʻpchilik bolalarda jigarning kattalashishi bilan immunitet tizimi faoliyati haqida maʼlumotga ega boʻlish mumkin.
Tez-tez allergik kasalliklarga chalinadigan hamda disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda immunitet pastligi kuzatiladi.
Yuqoridagi holatlardan biri bolada mavjud boʻlsa darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Oʻz vaqtida bolani davolash uning salomatligini tezda tiklashda yordam beradi.
Shoira Bekchanova,
tibbiyot fanlari nomzodi