Bolalarda koronavirus aniqlangan holatlarda uy sharoitida davolash mumkinmi?

0
982
marta koʻrilgan.

Soʻnggi vaqtlarda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari koʻpaygani, ular virus tashuvchi boʻlib qolishayotgani bot-bot aytilmoqda.  Virusning delta shtammi bolalar orasida keng tarqalishi oqibatida Zangiota maxsus shifoxonasiga qoʻshimcha ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazida ham koronavirus bilan zararlangan bolalarni davolash uchun 250 ta oʻrin tashkil qilindi.

Koronavirusga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi, ularga qoʻllanadigan dori-darmonlar nimalardan iborat boʻlishi kerak.? Ushbu savollar barchani qiziqtirmoqda.

8 kunlik chaqaloqda ham COVID-19 aniqlangan. «Isitmasi chiqqan bemorimiz 8 kunlik chaqaloq, ertalab onasi bolaning isitmalayotganini bilgan va tez yordamga qoʻngʻiroq qilgan. Shifokor koʻrigidan keyin, ekpress test topshirishgan, natija kovid borligini koʻrsatgan. Bolada 3 kun ichida pnevmoniya alomatlari aniqlanmasa, uy sharoitida bemalol davolasa boʻladi. Fuqarolar bunday holatda qanday yoʻl tutilishini tushunishga intilayotgani tabiiy, Mabodo bolada kasallik oʻpkaga  oʻtsa, statsionar sharoitda davolanishi shart.

Bolani statsionarda yotqizishda bir necha holatga eʼtibor berish kerak: bolada hansirash kuzatilsa; nafas olishi yomonlashsa; saturatsiyasi tushib ketsa; holsizlanish kuzatilsa; tana harorati 3 kun davomida 38,5dan baland boʻlsa.

Osma ukol va antibiotiklar bolaga zarar yetkazadi. Statsionar davolanishda bolaning holatiga qarab turli dorilar ishlatiladi. Bolada pnevmoniya aniqlangandagina antibiotiklar ishlatilishi tavsiya etiladi. Lekin uy sharoitida mutlaqo tavsiya qilinmaydi. Bundan tashqari, osma ukollar ayniqsa aholi orasida juda keng tarqalgan, bolalarga osma ukollar qilishda juda ehtiyotkor boʻlish zarur. Chunki bolada osma ukol tufayli oʻpka shishishi tez roʻy beradi. Shu sababli uyda bolaga osma ukol qilish man etiladi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 250dan ortiq bemor davolanyapti, hammasi tuzalib tez kunda uyiga qaytyapti. Sharoitlar yaratilgan va barcha zarur dorilar olib kelingan.

Oʻtgan yili virusga chalinish bolalarda kam uchragandi, hozirgi kunda mutatsiyalangan virusga chalinish holatlari koʻproq bolalarda kuzatilmoqda. Bolalarda yengil oʻtsa ham, ular tashuvchi boʻlib kattalarga yuqtirish holati koʻp uchrayapti.

Bolalarda COVID-19ni davolashda analiz diagnostikasi va davolash boʻyicha  mutaxassislar, akademik, professorlar tomonidan tavsiyanomalar ishlab chiqilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi buni respublika boʻylab qoʻllashni tavsiya qilgan. Unda butun dunyoda oʻrganilgan tajribalar umumlashtirib berilgan. Hozirgi vaqtda bolalarda kasallik 95-97 foiz yengil, simptomsiz va oʻrta holatda kechmoqda. Bunda uy sharoitida davolanish ham mumkin.

Yuqoridagi holatlarda yaqqol belgi isitma koʻtarilishi hisoblanadi. Bunda 1 yoshgacha bolalarda 38, bir yoshdan katta bolalarda 38,5dan baland boʻlsa, isitma tushirishga harakat qilinadi. Davolash protokollarimizda uy sharoitida davolashda 3tagina dori tavsiya etilgan. Bu oilaviy poliklinikalarga berilgan, bular vitamin D, askorbin kislotasi, sink preparati. Kattalardan farqli ravishda bolalar uchun yoshiga mos dozada berish kerak.

Tavsiya etilmaydigan dorilar roʻyxatiga antibiotiklar kiritilgan. Baʼzi ota-onalar bir-ikki kun isitmalagan bolaga antibiotiklar berishi kuzatilyapti. Bu bolaga foyda oʻrniga ziyon yetkazadi.

Bolalarda isitma koʻtarilib, kovid alomatlari kuzatilsa birinchi navbatda uni yakkalash kerak, yaʼni izolyasiyaga olib uydagi boshqa insonlar bilan muloqotini cheklash lozim. Shuningdek, statsionarda davolanib chiqqan bolalar ham 14 kun davomida boshqalardan alohida xonada olib oʻtiriladi. Keyingi bajariladigan ishlar har kuni bolaning yuz-qoʻlini yuvish, ota-onasi odam koʻp toʻplanadigan joylarga chiqqanda niqob taqishi shart.

Bolalarda COVID-19 ning asoratlari keyinchalik kuzatilishi mumkinmi? «Albatta, bolalarda ham kovid asoratlari qolishi mumkin. Bu qanday hollarda uchraydi: agar bola sogʻlom tugʻilib va sogʻlom yurgan boʻlsa-yu, toʻsatdan kasallikka chalinib davolanib chiqqan boʻlsa, bu holda asoratlar qolmaydi. Lekin immun tanqisligi boʻlgan bolalar, xronik kasalligi boʻlgan bolalar va nasliy kasalligi boʻlgan bolalarda kovid kasalligi turli asoratlar qoldirishi mumkin. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazida barcha mutaxassislar jamlangan, mobodo ogʻir holatdagi bemorlar keladigan boʻlsa, alohida yondashiladi va asoratlar qolmasligiga harakat qilinadi. Hozirgacha adabiyotlarda olimlar koʻrsatgan asoratlar uchramadi. Bu albatta davolanish toʻgʻri qilinayotganini koʻrsatadi.

Barcha ota-onalar murojaat qilib aytardimki, 95-97 foiz bolalarda ushbu kasallik yengil va simptomsiz kechmoqda, shuning uchun isitma koʻtarilganda vahimaga tushmasdan, mahalliy shifokorga murojaat qilib maslahatlashish, tavsiya qilingan dorilardan tashqari antibiotik va osma ukollarni olmaslikni tavsiya qilamiz. Agar,  3 kundan soʻng ham bolaning isitmasi tushmasa, saturatsiyasi 93dan koʻtarilmasa, statsionarga murojaat qilish kerak boʻladi..

Oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.