Bolangizda soʻlak ajralishi meyordan ortiq boʻlsa

0
1332
marta koʻrilgan.

Olti oygacha boʻlgan bolalarda soʻlakning koʻp ajralishi tabiiy holat. Lekin, bu davrdan oʻtgan bolalarda  soʻlak ajralishi koʻpaysa alohida eʼtibor berish kerak.

 Tish chiqishi ham sabab boʻlishi mumkin. Tish chiqishi qiyin va ogʻriqli kechganida, uni osonlashtirish uchun goʻdakingizga maxsus silikon oʻyinchoq bering.

Soʻlakni yuta olmaslik ham bu holatni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday patologiya 1-2 yoshdagi, allergiyaga moyil boʻlgan bolalarda kuzatiladi. Kichkintoyni darrov LOR shifokoriga koʻrsating, shuningdek, logoped va allergolog maslahatlarini olish ham tavsiya etiladi. Bu muammoga iloji boricha tezroq yechim toping, aks holda bolada nutq bilan bogʻliq muammolar paydo boʻladi.

Stomatit va gingivit ogʻiz boʻshligʻidagi kasalliklarning eng koʻp tarqalgan turlaridandir. Bu dardga yoʻliqqanda ham yuqoridagi belgi namoyon boʻladi. Har qanday ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarida bola pediatr va stomatolog koʻrigidan oʻtkazilishi shart.

Zaharlanish. Bolakay kimyoviy taʼsirga ega moddalarni yutib yuborganida unda haddan ziyod koʻp soʻlak ajralishi kuzatiladi. Bunday paytda tez yordamni chaqirishga shoshiling.

 Oshqozon-ichak kasalliklari – oshqozon yarasi, pankreatit, gijjalar, ovqatdan zaharlanish va infeksion kasalliklarida ham  bolangiz meyordan ortiq soʻlak ajrata boshlaydi. Bu holatda pediatr koʻrigiga olib borib, tahlilga qon topshiring va qorinchasini nima bezovta qilayotganini aniqlang.

 Asab xastaliklari. Agar yuqoridagilarning hech biri bolada kuzatilmasa, biroq, soʻlak ajralishi meyordan ortiq boʻlsa, farzandingizda asab oʻzgarishlari mavjud boʻlishi mumkin. Bolakayni nevropatolog koʻrigiga olib boring. Eslab qoling, bolangizdagi kasallikni qancha tez aniqlasangiz, shuncha tez  oldini olgan boʻlasiz.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.