Brokkoli – karamdoshlar oilasiga mansub, bir yillik oʻsimlik, gulkaramning oʻzgargan turi hisoblanadi. Janubiy Italiya uning vatani boʻlib, qadimgi Rimda 2 ming yil oldin ham yetishtirilgan. Mamlakatimizda brokkoli sabzavot keyingi paytda supermarket hamda bozorlarda sotilmoqda. Ushbu sabzavot gulkaramdan ertapisharligi, sovuqqa chidamliligi, yetishtirish osonligi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning gul toʻplamlari gulkaramnikiga oʻxshash, lekin rangi toʻq yashil siyohrang, koʻk va ayrim navlari oq tusli boʻlishi mumkin.
Tarkibida koʻplab ozuqa moddalari mavjud. Gulkaramga qaraganda brokkolida mineral tuzlar deyarli 2 marta koʻproq boʻladi.
Brokkoli tarkibida vitaminlar, pektin va yumshoq kletchatkani, xolin hamda metionin moddalarini, shuningdek, mineral tuzlar va boshqa biologik faol moddalari mavjudligi turli yoshdagi insonlar uchun juda muhim parxez mahsulot ekanligidan dalolat beradi. Uning mahsulotidan nurlanish kasalliklarini davolashda samarali foydalanish mumkin.
Karamning bu turi boshchalari tarkibida yodning biologik shakllari mavjud boʻlib, u qalqonsimon bezga bu elementni radioaktiv izotoplarini tushishiga toʻsqinlik qiladi. Shakllangan, isteʼmol uchun tayyor karam boshchalaridagi changlar tibbiyotda qimmatli davolash mahsuloti sifatida ishlatiladi.
Brokkoli yosh bolalar, homilador ayollar hamda aterosklerozga moyil boʻlgan keksalar uchun juda foydalidir.
Undan sogʻlom soch tolalarini tiklashda, teri va suyak toʻqimalarini mustahkamlashda isʼtemol qilish yaxshi samara beradi.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi