Chaqaloqlarda mushak gipertoniyasi

0
228
marta koʻrilgan.

Mushak gipertoniyasi – mushak tonusining buzilishi boʻlib, bunda mushak tonusi oshgan boʻladi va bola tugʻilishi bilan yuzaga keladi. Sababi, uning mushaklari haddan ortiq tarang va siqilgan boʻladi. Bunday holatda goʻdakda sababsiz bezovtalik, yigʻi, uyqu buzilishi, iyak qaltirashi kuzatiladi.

Bola uyqu paytida ham boʻshashmaydi, qoʻllarini bukib, koʻkragiga mahkam bosib, oyoqlarini qorniga olib borib, mushtini mahkam siqib uxlaydi. Goʻdakning mushtini ehtiyotkorlik bilan silab-siypab ochish mumkin.

Orqasi bilan yotqizilgan goʻdakni qoʻllaridan ushlab oʻzingizga qarata tortganingizda u qoʻllarini umuman yozmasdan, butun tanasi bilan ergashib tortiladi. Qornini kaftingiza qoʻyib yuzini pastga qilib koʻtarganingizda goʻdak boshini tanasi bilan bir chiziqda ushlab turadi. Bunday bolalar tugʻilishlari bilanoq boshini vertikal holatda ushlab tura oladilar. Mushak tonusining oshishi tananing ikki tomonida ham, shuningdek ayrim holatlarda esa, faqat bir tomonning oʻzida ham kuzatilishi mumkin.

Gipertonus goʻdakning harakatlari rivojlanishi surʼatini sekinlashtirishi bilan xavf soladi. Agar oʻz vaqtida davo choralari koʻrilmasa, bunday bola muddatidan kechroq oʻtirishi, emaklashi va yurishi mumkin. Harakat paytida tez charchaydi. Yurayotganida esa ogʻirlik markazini yaxshi boshqara olmaydi. Gipertonus bolaning umumiy ahvoliga ham aks taʼsir etmasdan qolmaydi: uyqu buziladi, tez-tez yegan ovqatini qayt qiladi.

 Chaqaloqni jismoniy mashq qilayotganingizda yaʼni qoʻl va oyoqlarini bukib-yozganda yaqqol ifodalangan qarshilik seziladi. Tayanch refleksi tekshirilganda bola butun oyoq kaftiga tayanib turmasdan, barmoqlari uchida turadi, bu holat 1,5 oydan ortiq vaqt davomida saqlanib turadi. Meʼyorda ushbu refleks 1,5 oylarga borib yoʻqoladi. Agar u uzoqroq davom qilsa mutaxassisga murojaat qilish kerak.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.