Ayni kunlarda mamlakatimizda koronavirusning yengil formasiga chalingan bemorlarga uyda davolanishga ruxsat berildi. Bunda, albatta, har bir bemor pandemiyaning oldini olish tartib-qoidalariga soʻzsiz rioya qilishi kerak. Shu bilan birga taomnomaga, badantarbiyaga, uyquga hamda kayfiyatni koʻtarishga alohida diqqatni qaratish kerak.
Taomnoma. Oziq-ovqatlar qonni suyultiruvchi va oʻpka uchun foydali neʼmatlardan iborat boʻlishi lozim. Masalan, noʻxati koʻp solingan tovuq shoʻrva (iloji boricha xonaki tovuq), ilitilgan tuxum, qari xoʻroz goʻshtidan shoʻrva tavsiya etiladi. Isitma bor vaqtda taom yeyilmaydi, sharbat va suv ichiladi. Agar bemor goʻdak boʻlsa, harorat tushguncha emizilmaydi. Chunki emish ham bola uchun mehnat, harorat koʻtarilishi mumkin. Bunday vaqtda bolaga faqat suyuqlik berish kerak, katta bemorlarning qorni juda ochib ketsa qadimiy xalqona neʼmat – qoqirim yaʼni bir piyola qatiqqa bir piyola qaynoq suv, ozgina tuz qoʻshib ichish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, mastava, moshxoʻrda kabi taomlarga qatiq, murch, yangi uzilgan kashnich va boshqa koʻkatlar qoʻshib ichish foydali boʻladi.
Qonni suyultirish va darmondorilarga boʻlgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida naʼmatak damlamasini shirinliksiz ichish lozim, ayniqsa, quloq va tomoq ogʻriqlarida koni foyda. Anjir qoqisini damlab ichish oʻpka va jigar tiqilmalarini ochish, oʻpkadagi balgʻamlarni koʻchirish uchun tavsiya etiladi.
Olcha qoqisining qaynatmasini issiq-issiq holatda isitma vaqtida ichish, haroratni tushirish va zaharlarni ter va peshob orqali chiqib ketishi uchun sinalgan davo. Qora choyga novvot qoʻshib isteʼmol qilish yoʻtalni kamaytiradi.
Uyquga ham eʼtibor berish kerak. Kuniga 7-9 soatlik uyqu – organizmni tez tiklash va immun tizimini koʻtarishning eng arzon va oddiy usullaridan hisoblanadi. Uyquning yetarli boʻlmasligi tabiiy quvvat (immunitet)ning tushishiga olib keladi.
Harakat va sukun (toʻxtash, tin olish).
Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining 1-kitobidagi “Badantarbiya” faslida yozilishicha, oʻpkani himoya qiluvchi nafas mashqlari, argʻimchoq uchish oʻpka faoliyati uchun juda foydali hisoblanadi. Chuqur-chuqur nafas olinadi va imkon boricha ushlab turib, chiqarib tashlanadi. Argʻimchoq uchayotganda ham shu mashqlar takrorlanadi.
Tanani tozalash (ixtibos va istifrogʻ). Oʻpka qon tomirlari va toʻqimalariga quyuq xiltlar, quyuq balgʻam va buzuq qon tiqilishi mumkin. Bunday holatda nafas olish qiyinligi, nafas qisishi kuzatiladi. “Tib qonunlari” boʻyicha, oʻsha suyuqlik (xilt)larni oʻpkadan boshqa tomonga tortish yoʻli bilan bartaraf etiladi. Bunda qon olishning quyidagi ikki usuli foyda beradi. Ikkala bilak venasidan taxminan 100 ml miqdorda qon oldirib tashlash yoki hijomai boshart – ikki kurak orasi (paravertebral) sohasining 7-8 joyiga, ayniqsa ogʻriq bor joylarini tilib qortiq (banka) qoʻyib, qon olish kerak boʻladi. Bu tadbir Alixontoʻra Sogʻuniyning “Shifoul-ilal” asarida ham taʼkidlangan.
Eslatma: qon oldirishdan avval bemorning qon bosimi oʻlchanadi. Bir boʻlak nonni anor suviga botirib yeb olinadi. Qon oldirgach, anor suvi yoki ozgina uzum sirkasi isteʼmol qilish, gʻalayonga kelgan qonni tinchlantirib, toza qon hosil boʻlishiga yordam beradi. Albatta bu vrach bilan maslahatlashib, mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.
Azizlar, eng asosiysi ruhiyatga ijobiy taʼsir qiluvchi omillarga eʼtibor berish kerak. Gʻam-qaygʻu, ruhan choʻkishlik, tushkunlik, ayniqsa vahima kabi holatlar ichki quvvat (immunitet)ni keskin tushib ketishiga sabab boʻladi. Ichki quvvatni kuchaytirishni har kim oʻzi yaxshi biladi. Kimdir badantarbiya mashqlari bilan, kimdir musiqa bilan, kimdir rasm chizish bilan kimdir kitob oʻqish bilan ichki osoyishtalikni taʼminlaydi. Tibbiy manbalarda vahimaga tushgan kishining qon tarkibi oʻzgarib, organizmni zaharlanishiga olib kelishi taʼkidlangan. Shuning uchun, har bir kuningizga, har bir damingizga, ushbu olamni koʻzingiz koʻrib turganiga Ollohga shukrona bildiring va ruhiyatni koʻtarishga intiling. Oʻzini boshqara olishga ishonib, kasallikni yengishga kirishish kerak. Xalqimiz bekorga “ixlos-xalos” demagan.
Uyda qoling, koronavirus dardining oldini oluvchi tartib-qoidalarga eʼtibor bering. Oʻzingizni, oilangizni asrash orqali yurtingiz odamlariga ezgulik sogʻingan boʻlasiz.
Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida uyushtirildi.