Xalqimizda “ jondan kechmasang jonona qayda, toqqa chiqmasang doʻlana qayda” degan maqol bor. Bu maqolning zamirida koʻpgina hikmatli oʻgʻitlar mujassam. Shuningdek, doʻlananing bebaho neʼmat ekanligidan ham dalolat beradi.
Darhaqiqat, doʻlana mevalar ichida nafaqat xushxoʻrligi, balki shifobaxshligi bilan ham ajralib turadi. Alloma bobokalonimiz, tabobat ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” kitobining sodda dorilar xususiyatiga bagʻishlangan bobida doʻlanaga baho berib, “uning mevalari sariq va qizil rangli boʻlib, burushturuvchandir, burushtirish taʼsiri jiydanikidan kuchlidir, safroni soʻndiradi va ichni toʻxtatadi” deb yozadi.
Hozirgi zamon tabobatida ham doʻlananing mevasi va guli yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olish va davolashda hamda asabni tinchlantiruvchi va qon bosimini pasaytiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Doʻlana Raʼnodoshlar (Rosaceae) oilasiga mansub, boʻyi 5m. yetadigan daraxt boʻlib, respublikamizning togʻli tumanlarida tarqalgan. Oʻzbekistonda doʻlananing bir nechta turi uchraydi, ayniqsa sariq rangli doʻlana (Crateagus pontica L.) keng tarqalgan boʻlib, mevasi isteʼmol qilinadi. Tibbiyotda esa doʻlanani 6 turining mevasi va gullari ishlatilishga ruxsat etilgan. Asosan keng tarqalgan qizil doʻlana-yaʼni, Turkiston doʻlanasi (Crateagus turkestanica) ishlatiladi.
Bu daraxtning bargi, gullari va mevalari shifobaxshdir.Uning bir hovuchi isteʼmol qilinsa, kun boʻyi kishini nafaqat tashnalik, balki ochlikdan ham asraydi. U insonga yaxshi kayfiyat, bardamlik va quvvat baxsh etadi. Shu boisdan boʻlsa kerak, doʻlanani lotin tilida “gratas” (kuchli) deb ataydilar.
Meva tarkibida 20 foiz qand, 8 foiz yogʻ, flavonoidlar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, karotin, S vitamini, organik kislotalar kabi moddalar mavjud. Oʻzbekiston sharoitida oʻsadigan doʻlananing baʼzi turlarida V1, V2, RR, S, Ye vitaminlari borligi aniqlangan.
Koʻpgina xalqlar xalq tabobatida doʻlana ich ketish, toliqish, aqliy horgʻinlik, uyqusizlik va asabiylashganda qoʻllaniladi. Shuningdek, bu meva yurak ogʻriganda, klimaks davrida, revmatizm asoratidan paydo boʻlgan revmokarditda, aterosklerozda, qon bosimi oshganda, bosh aylanishi, yoʻtalda ham isteʼmol qilinadi. Hozirda farmatsevtika sanoatida doʻlana gullaridan tayyorlangan tindirma va turli boshqa giyohlar bilan birga tayyorlangan dori vositalari ateroskleroz, nevroz, asab tizimi va yurak- qon tomir kasalliklarida keng foydalanilmoqda.
Eslatma: Doʻlanani och qoringa isteʼmol qilmaslik kerak. Chunki, u ichakni siqib, kishini qayt qildiradi. Bu mevani isteʼmol qilgandan keyin ustidan sovuq suv ichish mumkin emas. Aks holda u meʼda-ichaklar sanchigʻiga sabab boʻlishini unutmang. Shuningdek, uni ortiqcha isteʼmol qilish buyrakka zararlidir. Yana meʼda-ichakni zaiflashtirib, qulanj (kolit) xastaligi, koʻngil aynishi, qayt qilishni paydo qiladi.
Mevaning qaynatma, damlama, qiyom va undan tayyorlangan dori vositalari bilan davolanish faqat shifokor maslahati bilan va uning nazorati ostida qoʻllanishi lozim.
Fazilat Saʼdullayeva tayyorladi.