“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 41-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritildi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi. Unga koʻra, «Tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar ham Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladilar» deya belgilab qoʻyildi.
– Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar asosida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiya faoliyatini tashkil etish hamda xalq tabobati bilan shugʻullanishga daʼvogarlik qiladigan shaxslarning murojaat qilish tartibini belgilovchi hujjat loyihalari tayyorlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktyabrdagi PQ-3968-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan tashkil etilgan komissiya tarkibiga shifokorlar bilan bir qatorda, psixolog, texnika mutaxassislari, diniy va xalq tabobati kabi bir qancha soha vakillari kiritilgan. Xalq tabobati bilan shugʻullanishni istagan tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar kelgusida ushbu komissiya vakillari oldida tibbiyot ilmidan qanchalik xabardor ekanligi, oʻzidagi bilim va davolash uslublarni amaliyotda qay darajada qoʻllay olishi boʻyicha sinovlardan oʻtadi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshligʻi Farhod Rahimqulov. Sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgor Maxsus komissiyaning tibbiy maʼlumot oʻrniga beriladigan xulosasini qoʻlga kirtib, ushbu xulosa asosida tibbiy faoliyatning xalq tabobati usuli bilan shugʻullanishi uchun oʻrnatilgan tartibda litsenziya oladi.
Maʼlumki, avval tabiblar qonuniy roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritgan. Shu boisdan, ular ishlab topgan pullardan davlatga soliq ham toʻlanmagan. Endi esa ular yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtib, shundan soʻnggina faoliyat olib borishi belgilanmoqda.
Qarorga koʻra endilikda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi shaxslar oʻz faoliyati natijalari boʻyicha tibbiyot xodimlari uchun qonunlarda nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, endilikda mahalliy sogʻliqni saqlash tizimida xalq tabobatining roli oshiriladi, jumladan, ushbu yoʻnalishda xizmat koʻrsatuvchi xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi, sogʻliqni saqlash tizimining ambulator va statsionar muassasalarida xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan kasalliklarni davolash boʻyicha maxsus boʻlimlar, dorixonalar tizimi tashkil etiladi.
Respublikadagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiy-pedagogika ishi” bakalavriat yoʻnalishlaridagi oʻquv dasturlariga xalq tabobati boʻyicha maxsus oʻquv sikli ham joriy etiladi. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida esa xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi. Bu esa xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan integratsiyalashuviga xizmat qiladi.
Yana bir masalaga alohida toʻxtalish joiz. Xalqimiz orasida Qurʼon oyatlari va turli duolar bilan bemor insonlarni davolovchi shaxslar ham bor. Endi ularga ham qonuniy faoliyat olib borishlari uchun litsenziya beriladimi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bunga javoban, shuni aytish kerakki, Adliya vazirligida 3111-son bilan roʻyxatdan oʻtgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat koʻrsatish tartibi va hajmlari toʻgʻrisidagi nizom”da okkultizm-afsun, shuningdek, diniy marosimlar orqali davolash xalq tabobati usullariga kirmasligi koʻrsatilgan. Shu bois, diniy yoʻnalishda bemorlarni davolovchi shaxslarga Sogʻliqni saqlash vazirligida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan litsenziya berilmaydi.