Goʻshtlar inson organizmiga zarur boʻlgan protein, vitamin va mikro elementlar manbaidir. Faqat goʻshtni tanlay bilish va toʻgʻri pishira olishda gap koʻp. Ayniqsa, tabiiy oʻtlar bilan dalada boqilgan molu parandalarning goʻshti foydalidir.
Goʻshtning inson organizmiga foydasi beqiyos ekanligi ilmiy isbotlangan. Ammo parhezshunoslar va olimlar oʻrtasida bu mahsulotning foyda hamda zarari toʻgʻrisidagi bahslar ham yoʻq emas. Olimlarning baʼzilari goʻsht inson organizmi uchun eng muhim mahsulot desa, boshqa birovi hazmi ogʻir, odam organizmini qiynaydi, uni tez qaritadi, deya qarshi mulohaza bildiradi. Bu olimlarning har biri oʻz fikrini isbotlashga urinadi.
Goʻsht isteʼmol qilmaydigan vegetarianlarning koʻpchiligi V2, D darmondorilari yetishmasligi, buning natijasida asab tizimi kasalliklari, suyak moʻrtligi va hatto jinsiy zaiflikdan aziyat chekishi aniqlangan. Chunki goʻsht tarkibidagi vitaminlar, oqsil, aminokislotalar tana uchun juda muhim. Demak, goʻshtning foydasi haqida juda koʻp yozish mumkin. Shu oʻrinda, bugʻda pishgan goʻshtning organizmga hech qanday zarari yoʻq, deb bemalol ayta olamiz. Biroq uni doimiy ravishda turli zararli qoʻshimchalar, boʻyovchi moddalar bilan birga isteʼmol qilishning foydasidan ziyoni koʻproq ekan. Uni turli xil tabiiy koʻkatlar va mevalar bilan isʼtemol qilinganda organizmga foydasi yanada ortadi
Buzoq goʻshti
Buzoq goʻshti parhez goʻshtlar sirasiga kiradi. Mol qancha yosh boʻlsa, uning goʻshti shuncha yumshoq va oziqliligi yuqori boʻlar ekan. Bu goʻshtda xolesterin kamligini ham aytib oʻtish oʻrinlidir. Shu bilan birga uning tarkibida oz miqdorda jelatin moddasi mavjud va u qon ivuvchanligini yaxshilaydi. Shu bois buzoq goʻshti koʻproq yurak-qon tomir xastaliklarida tavsiya etiladi.
Buzoq goʻshtining yana bir xususiyati shuki, uning tarkibidagi ekstraktiv moddalar oshqozon shirasi ajralishini faollashtiradi va ovqat hazmini yaxshilaydi. V, Ye, A, S va RR guruhiga kiruvchi vitaminlar, turli minerallar, mikroelementlar serob boʻlgani uchun, ayniqsa, bemor bolalar ovqati tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, buzoq goʻshtida magniy, mis, natriy, rux, temir va kaliy mavjud. Buzoq jigari temir moddasiga kondir. Shundan kamqonlikda foydasi katta.
Buzoq goʻshtidagi aminokislotalar tez hazm boʻlishi bilan ajralib turadi. Uni ovqat tayyorlaganda bugʻlab va qaynatib pishirish lozim. Shunda foydali moddalari toʻlaligicha saqlanib qoladi. Bu goʻsht siydik-tosh kasalliklari hamda infarktning oldini olish maqsadida buyuriladigan parhez taomlar tarkibiga kiritiladi.
Buzoq goʻshtining zarari ham boʻlishi mumkin. Bu buzoqning qanday boqilganiga bogʻliq. Agar jonivor yegan ozuqa kimyoviy oʻgʻitlar yordamida yetishtirilgan boʻlsa, organizmga faqat ziyon keltirishi mumkin.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi