Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Toshkent shahar va tuman hokimlarining yoshlar va Xotin-qizlar boʻyicha oʻrinbosarlari, Moliya, Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmalarining boshliqlari, Moliya vazirligi Toshkent shahar Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi boshligʻi, “Mahalla” jamoat fondi, “Nuroniy” jamgʻarmasi shahar va tuman boʻlimi raislari, Yoshlar ittifoqining shahar va tuman Kengashlari raislari, shuningdek, poytaxtda faoliyat yuritayotgan barcha oilaviy poliklinikalar bosh shifokorlari, ularning oʻrinbosarlari, davolash profilaktika muassasalari rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirokida Toshkent shahrida – Sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatini takomillashtirish masalasiga bagʻishlangan yigʻilish tashkil qilindi.
Oʻtgan 2017 yilning 5 yanvar, 7 fevral va 30 mart hamda 12 dekabr kunlari Prezidentimiz tomonidan Sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish yuzasidan oʻtkazilgan selektor yigʻilishlarida, bu masalaga yuzaki yondoshib boʻlmaydigan eng muhim vazifa etib belgilangan edi. Ammo, bugungi kunda olib borilgan ishlar tahlili joylardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan bu masalaga panja orasidan qarab kelinayotganligini koʻrsatmoqda.
Oʻtgan 2017 yil davomida tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etishni, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatni va tez tibbiy yordam sifatini tubdan yaxshilash, oilaviy poliklinikalar tomonidan koʻrsatilayotgan patronaj xizmati sifatini yanada takomillashtirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar sogʻligʻini mustahkamlash, tizimda yuz berayotgan taʼmagirlik, tovlamachilik, bemorlarga eʼtiborsizlik kabi illatlarni oldini olishga qaratilgan masalalarni qator yigʻilishlarda muhokama qilib, tegishli qarorlar qabul qilinganligini alohida taʼkidlab oʻtishimiz kerak. Afsuski koʻrilayotgan choralarga qaramasdan tibbiyot muassasalari bosh shifokorlari va ularning oʻrinbosarlari hamda bevosita xoʻjalik ishlari yuklatilgan xodimlarni masalaning dolzarbligini inobatga olgan holda uning oqibatlari nimalarga olib kelishini anglamaganlari achinarli holdir. Buni isbotini Moliya vazirligi Toshkent shahar Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi hamda Toshkent shahar hokimligining tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan joriy yilning 10-12 yanvar kunlari tibbiyot muassasalarida oʻtkazilgan oʻrganishlarda yaqqol namoyon boʻldi.
Yuqorida aytib oʻtilgan bu kamchiliklar sogʻliqni saqlash tizimidagi muammolarning ayrimlari xolos. Agar bu yoʻnalishni chuqurroq tahlil qiladigan boʻlsak, bundan ham ogʻirroq qonunbuzilish holatlari mavjud. Ushbu yigʻilishdan koʻzlangan asosiy maqsad, Toshkent shahrida joylashgan sogʻliqni saqlash tizimidagi tub oʻzgarishlarni olib kelish, bu ishga jiddiy yondoshmagan rahbarga siyosiy baho berilishi va qatʼiy choralar koʻrilishi taʼkidlandi. Bunga koʻra har oy yakuni bilan poliklinika va kasalxonalar bosh shifokorlari, ularning oʻrinbosarlari hamda xodimlarini ish faoliyati haqida shahar hokimligiga axborot kiritib borilishi alohida taʼkidlandi. Tuman hokimining oʻrinbosarlaridan masalaga tomoshobin boʻlib emas, jiddiy yondoshish talab etiladi.
Toshkent shahar hokimi R.J.Usmonov tomonidan, haftani har juma kunini “Tibbiyot kuni” sifatida belgilash haqida topshiriq berildi. Bugundan boshlab haftaning har juma kuni “Tibbiyot kuni” deb eʼlon qilinadi.
Tuman hokimining oʻrinbosarlari haftaning juma kuni tibbiyot muassasalaridagi muammolarni oʻrganish, tahlil qilish, ularni bartaraf etish, ayniqsa oilaviy poliklinikalarda fuqarolarni kutish holatlarini oldini olish kabi kamchiliklarni bartaraf etish bilan shugʻullanish kerakligi aytib oʻtildi.
Yuqoridagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish va Sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatini takomillashtirish maqsadida 25 yanvar kuni shahar hokimining 14-F-sonli farmoyishi qabul qilindi. Unga muvofiq tizimidagi tibbiyot muassasalarini yumshoq va qattiq jihozlar bilan taʼminlashga 6 mrd. 185 mln.soʻm mablagʻ ajratiladi.
Bundan tashqari, mahalliy byudjetdan moliyalashtiriladigan tibbiyot muassasalarida, dori-darmon vositalariga ajratiladigan mablagʻ oʻtgan yilga nisbatan ikki barobarga oshirildi. 2017 yilda 26,5 mlrd. soʻm boʻlgan boʻlsa, 2018 yilda 48,2 mlrd. soʻmni tashkil etmoqda.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan koʻriladigan bu kabi chora-tadbirlar yaqin kunlar ichida shahar sogʻliqni saqlash tizimida jiddiy oʻzgarishlar boʻlishiga olib keladi.
Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati