Shifobaxsh ovqatlanish oddiy taomlardan oʻzining tarkibi va tayyorlash usullari bilan farq qiladi. Chunki, u kasal organizmga zarur darmondorilarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashi, yaʼni kasal aʼzoning funksiyasini tiklashga yordam berishi kerak.
Shifobaxsh ovqatlanish har bir kasallikning oʻziga xos xususiyatlari, klinik kechishini hisobga olgan holda tuziladi va maʼlum davrga moʻljallanadi. Chunki parhez taomlar tarkibi va miqdori maʼlum cheklanishlarga yoʻl qoʻyilgani uchun ularni bemorga uzoq muddatga buyurish mumkin emas.
Hazm aʼzolari kasalliklarida quyidagi taom va ovqat mahsulotlari tavsiya etilmaydi: issiq non va non mahsulotlari, yogʻli goʻsht, qovurilgan taomlar, kuchli goʻshtli shoʻrvalar, joʻxori, perlovka yormalari, mosh, noʻxatdan tayyorlangan taomlar, nordon, shoʻr, achchiq dudlangan mahsulotlar, spirtli va gazli ichimliklar, achchiq choy, qahva, kakao, muzqaymoq. Shuningdek, mol va qoʻy yogʻi, konserva mahsulotlari, margarinda tayyorlangan mahsulotlar, xom mevalar, piyoz, sarimsoq, turp, marinovka qilingan mahsulotlar, shokolad va tez tayyorlanadigan taomlarni ham isteʼmol qilish maqsadga muvofiq emas.
Tavsiya etiladigan ozuqa mahsulotlari va taomlar: bir kun oldingi yoki quritilgan non, quruq pechenye, qaynatilgan mol goʻshti, tuxum, ezib yaxshi pishgan makka yormasi, guruch, suli, qora bugʻdoy boʻtqalari (shirguruch, shovla, shirqovoq, makka boʻtqasi), yovgʻon xoʻrda, shirali shoʻrvalar, bugʻda pishgan goʻshtli taomlar, qaynatilgan til, jigar, duxovkada pishirilgan goʻsht, kefir, yogʻsiz qatiq, qaymoq, chuchuk pishloq, chala pishgan tuxum, ezilgan kartoshka, pishirilgan qovoq, sabzi, lavlagi va pomidorlar. Oʻsimlik yogʻida dimlangan taomlar, pishgan sabzavotlardan turli salatlar, shirin mevalarni pishirib yoki dimlab tayyorlangan desertlar, asal, murabbolar, shakar, shuningdek, suyuq choy, kisel, shirin sharbatlar, naʼmatak suvi va mineral suvlar tavsiya etiladi.
Xolida Ochilova, oliy toifali vrach