Bir kuni bir shoh xazinasiga gʻaznachi tayinlamoqchi boʻlibdi va munosibini tanlab olish uchun nomzodlarni sinovdan oʻtkaza boshlabdi.
Sinov shundan iborat ekanki, kim chiroyli oʻynasa, oʻsha gʻaznachi boʻlar ekan. Nomzodlar raqslarini namoyish etishlaridan avval bir xonaga bir fursat oʻtirib, keyin shohning huzuriga kirishar ekan.
Hamma nomzodlar raqslarini namoyish etishayotganda qandaydir ogʻir va shubhali harakatlarni amalga oshirishar ekan. Biroq, bir nomzod shunday yengil va bexijolat raqs koʻrsatibdiki, shoh oʻshani gʻaznachi qilib tayinlashni buyuribdi.
Vazirlar nimaga bunday qilganini soʻrashganida, shoh shunday javob qilibdi:
– Har bir nomzod raqsini koʻrsatishidan avval tillolar toʻldirib qoʻyilgan xonaga kiritib qoʻyildi va ular tillolarni hamma yeriga joylab chiqishdi. Natijada, raqs koʻrsatayotganda yashirgan tillolari bilinib qolmasligi uchun ogʻir harakat qilishdi. Faqatgina hech qanday oltin yashirmagan nomzodgina qushdek yengil oʻynadi.
Qissadan hissa, odam qalban musaffo boʻlsa, harakatlari oʻtirib turishi erkin va begʻubor boʻladi. Bu esa ham ruhan ham jismonan salomatlikning belgisidir.
gujum.uz