Inson organizmi faoliyatda magniyning ahamiyati katta. Uning koʻp qismi suyak toʻqimalari tarkibida boʻladi. Qon plazmasida, eritrotsitlar va yumshoq toʻqima tarkibida bu element asosan ionlashgan holda uchraydi. Shuningdek, uning koʻpgina qismi yana oqsillar, ayniqsa ferment oqsillari bilan bogʻlangan.
Agar hayvonlar magniy tuzlari boʻlmagan ozuqa bilan boqilsa, ularning yurak faoliyati izdan chiqadi, yaʼni tirishish kasalligiga uchrab nobud boʻladi. Maboda, qonga koʻp miqdorda magniy tuzlari yuborilsa, kishining boshi aylanadi, bu holat magnezial narkoz deb ataladi.
Magniy qon tomirlarini kengaytiruvchi, ichak peristaltikasini stimullovchi, oʻt ajralishini koʻpaytiruvchi xususiyatga ega. Magniy birikmalari – magniy sulfat, magniy karbonat, magniy tiosulfat kabilar dori vositasi sifatida ishlatiladi. Ichak qon tomirlari devorlarida, yurak va suyak muskullarida magniy yetishmasa, ularda kalsiy koʻpayishi tajribalarda aniqlangan.
Kishi organizmining magniyga boʻlgan extiyoji asosan oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga qondiriladi. Ayniqsa, homiladorlar va emizikli ayollar organizmining magniyga boʻlgan ehtiyoji kuchli. Katta yoshdagi kishilar bir kunda 500 mg, homiladorlar 925 mg, emizikli ayollar 1250 mg, 3 yashargacha bolalar 140 mg, 14-17 yashargacha bolalar 530 mg magniy isteʼmol qilishlari lozim.
Oziq – ovqat mahsulotlaridan loviya, suli, grechka yormasida, noʻxatda va boshqa dukkakli mahsulotlarda magniy koʻp boʻladi. Goʻsht va sut mahsulotlarida esa magniy kam.
Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt