Daraxtlarning inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishda ahamiyati katta boʻlib, bitta koʻp yillik daraxt bir mavsumda bir yilda oʻn kishi isteʼmol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqaradi.
Bir gektar daraxtzor esa bir kunda 220-280 kg. karbonat angidrid yutadi va 180-220 kg. kislorod chikaradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini va shovqinni kamaytiradi. Oʻsimlik dunyosi tabiatning issiqlik va radiatsion muvozanatini boshqaradi, havoning namligini taʼminlaydi,
Tabiiy tabiblarimiz – daraxtlar ekilgan bogʻda yarim soatlik sayr bir necha xil turdagi dori vositalari oʻrnini bosadi. Inson asablarini tinchlantiradi, moddalar almashinuvini meʼyorlashtiradi. Yoz oylarida yurak kasalliklari, yuqori qon bosimi bor insonlar emanzorlarda, nafas olish yoʻllari kasalliklari bor insonlar qaragʻayzorlarda sayr qilsa sogʻliklari tiklanadi.
Oltin kuz fasli – xazonrezgilik davri! Bu mavsumda ayrim fuqarolar tomonidan shox-shabbalarning yoqib yuborishi ham kuzatiladi. Bu notoʻgʻri, salomatlikka zararlidir.
Yonayotgan xazonning nechogʻlik zararli ekanini statistik maʼlumotlar orqali koʻraylik. Bir tonna xazon yoqilganda, atmosfera havosiga 30 kg uglerod oksidi ajralib chiqadi. Yana inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa chala yongan xazon oʻzidan zaharli gaz chiqazadi.
Zararli moddalarga toʻyingan havodan nafas olgan kishining nafas yoʻllari, koʻzi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda oʻpka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishi xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon tomir va nafas olish yoʻllari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga koʻproq salbiy taʼsir etadi.
Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus pandemiyasi sharoitida atmosferaning turli moddalar bilan ifloslanishi, ushbu kasallik bilan kasallanganlar va tuzalib chiqqanlar uchun nihoyatda zararlidir.
Shuning uchun xazonni yoqish kerak emas. Aksincha, undan unumli foydalanish lozim. Uni biror joyga toʻplab, koʻmib qoʻysangiz. Kelgusi yil uchun u yaxshi tabiiy oʻgʻit boʻladi. Daraxtlaringizning gurkirab oʻsishiga yordam beradi. Tabiatning oʻzi dori degani shuda! Kimyoviy til bilan aytsak, bordan yoʻq boʻlmaydi, yoʻqdan bor boʻlmaydi. Tabiatda hamma narsa almashib turadi, bilib ishlatsangiz ham salomatlikka ham Ona tabiatga koni foyda.
Umida KAMILOVA, tibbiyot fanlari doktori, professor