Ixlos-xalos yohud kasal bola parvarishining oson yullari — eʼtibor va mehr

0
717
marta koʻrilgan.

Bolasi kasal boʻlganida onaning koʻziga dunyo tor keladi, koʻngliga hech narsa sigʻmay qoladi. Farzandi uchun qimmatbaho dorilarga pulini ham, shifokorlar qabuliga tushish uchun vaqtini ham ayamaydi.

Bunday paytlarda ona goʻzal saʼy-harakatlari hamda kuchli mehr-muhabbati ila bemor bolasini davolashi mumkin. Buning uchun faqat ezguliklarga  toʻla qalb bilan shirin-shakar soʻzlarni qalashtiruvchi zuvon talab etiladi, xalos.

 Ona mehri vitamin. Quyidagi oddiy soʻzlar bilan ona bola organizmini foydali vitaminlar yaʼni darmondorilar bilan toʻyintiradi: «Sen mening hayotimsan. Eng kerakli insonimsan. Sen men uchun  juda-juda qadrlisan. Men sensiz yashay olmayman. Dadang va men seni juda-juda yaxshi koʻramiz!». Har bir onada ana shu juda-juda soʻzi tez-tez takrorlanib, mehrli koʻzlar porlab turishi kerak.

Ona-terapiya. Yengil kasalliklarda davo vositasi: «Sen juda kuchlisan va sogʻlomsan. Sening yuraging, tanang va qorning kuchli va sogʻlom. Sen yaxshi ovqatlanasan va sogʻlom rivojlanasan. Sen juda kam kasal boʻlasan, tezda tuzalib ketasan».

 Ruhiy koʻmak. Bolaning ruhiyati osoyishta boʻlishi jarohatlanmasligi, oʻziga ishonchi ortib borishi uchun ham unga madad berib turish lozim. «Sen yoqimtoyimsan. Pishillab, miriqib  uxlaysan. Ana shunda yanada dadil va quvnoq boʻlasan. Asablaring mustahkam boʻladi. Kasalliklarga chidamli, sabr-toqatli va aqlli bolasan. Tiling yaxshi rivojlangan. Gaplaring burro-burro. Miyang yaxshi ishlaydi. Mana bu yongʻoqni qara, nimaga oʻxshaydi? Miyaga! Qani bittagina yeginchi, miyang yanada yaxshi ishlaydigan boʻladi.

Bola qattiq kasal boʻlganida dori vositalaridan tashqari onaning mehr va eʼtibori nihoyatda kerak. Ona oʻzining shirin soʻz-u mehri bilan kasallikka zarba berishi lozim. «Seni juda-juda yaxshi koʻraman. Sen bizga keraksan, oilamizning kelajagisan. Kasalliklaring yoʻq boʻlib ketsin. Badjahl boʻriga borsin. Chishlogʻich itga borsin. Yovvoyi mushukka borsin. Siypab turib kasalligingni olib tashlab yuboraman. Birgalikda koʻrmaganday boʻlib unutib yuboramiz».

Kuchli zarba. Bola ota-onasidan hadeb tanbeh eshitaversa, badjahl va kasalliklarga moyil boʻlib qoladi. Ota-onasiga ishonchini yoʻqotgan, tez-tez tanbeh eshitaveradigan bolaning darddan xalos boʻlishi qiyinroq kechadi. Bolaga nisbatan mehringizni tez-tez namoyon qilib turing, sizga suyanib oʻtirganlarida mahkamroq quching, shirin soʻzlaringizni kanda qilmang. Shirin soʻz-u mehringiz bolaning kuchiga kuch, ruhiyatiga orom, qalbiga osoyishtalik inom etadi.

Tavsiyalarimizni barcha ota-ona biladi. Biroq oʻzidan ortib bolasiga imkoniyat topa olmaydi.  Oilaning, ota-onaning birinchi vazifasi bolaga eʼtibordir. Mehr-muhabbat ogʻushida, ezgu amallarni koʻrib, kuzatib ulgʻaygan bolaning vujudida sogʻlomlik, oʻziga ishonch va odamlar bilan munosabatda dadillik ufurib turadi.

Ota-ona bolaga horgʻin, alamli va ranjigan nazarlar bilan qarasa, bolaning hayotida omadsizliklar va kasalliklar koʻp yuz beradi, deydi allomalar. Bu hayotiy tasdiqlangan dalildir.

Har kuni bolaga kamida 3 marta ota-ona mehrga toʻla soʻzlarini aytishi lozim. Bola onasining gaplarini his eta olishi, tinglay bilishi kerak. Bemor bolaga esa, bundan-da  koʻproq, mehr va eʼtibor talab etiladi.

Mehrioy maslahatlari 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.