Ona suti eng ulugʻ neʼmatdir. Ayol tuqqandan keyin keladigan quyuq sut – uvuz esa malham! Siz uning qadrini biling, yuksak tuting, Olloh bergan muʼjiza bilan emizib boqmasangiz, tiriklik, mehru-oqibat, yaxshilig-u sahovat haqidagi soʻzlaringiz, aʼmollaringiz bekor. Dunyoga kelib, umid bilan koʻz ochgan chaqaloqni Olloh bergan toʻtiyo –ona suti hayotga olib kiradi, koʻziga nur, vujudiga quvvat bagʻishlaydi, degan edilar rahmatlik Jamila qaynmomom birinchi farzandim dunyoga kelganida.
Darhaqiqat, xalqimizning » qari bilganni pari bilmas» degan hikmati bejiz emas. Olimlarning taʼkidlashicha, ona sutida uglevodlar koʻp. Ular tarkibiga sutni normal hazm boʻlishiga yordam beruvchi alohida moddalar (V-laktoza) kiradi. Uning tarkibidagi vitaminlar va mineral tuzlar oʻsuvchi organizm talabini toʻliq qondiradi. Unda kalsiy va fosfor yaxshi nisbatda boʻladi, shuning uchun koʻkrak suti emgan bolalar raxit xastaligi bilan kam kasallanadi. Ayol sutida tuzlar, temir moddasi, mis, rux, kobalt va qon ishlab chiqarish jarayoniga taʼsir qiluvchi boshqa mikroelementlar yetarli miqdorda boʻladi. Buning natijasida koʻkrak suti emgan bolalarda sunʼiy ovqatlantiriladigan bolalarga qaraganda kamqonlik kasali kam uchraydi.
Koʻkrak suti goʻdak uchun eng yengil hazm boʻladigan, foydali va toʻyimligina boʻlib qolmay, balki u boy biologik xususiyatlarga ham ega. Chunonchi, u bolaga hayotining xatarli davri, yaʼni tugʻilgandan soʻng birinchi hafta va oylarning yaxshi kechishiga yordam beradi. Ona sutidagi T-limfotsitlar oshqozon-ichak faoliyatida tezroq immunitet shakllanishini taʼminlaydi.
Ona suti bola sogʻligʻini taʼminlashning eng yaxshi vositasi boʻlib, uning tarkibidagi mavjud moddalar bolalar kasalliklaridan goʻdakni himoya qilishga yordam beradi. Bolalikda koʻkrak sutidan oziqlangan inson keyinchalik ortiqcha vazn toʻplashi yoki semirish ehtimoli past, organizmda diabet rivojlanish qaltisligi kam, intellektual darajasi baland boʻladi.
«Ona sutining qadr-qimmati, onalik fazilatining timsoli-emizish hech qachon oʻz izzatini boy bermaydi. Olloh bergan neʼmatni uvol qilmang. Emizib boqing, farzandingiz durkun boʻladi. Eegulik oʻzingizga ham boʻladi. Emizgan sari chehrangizga farishtalik-beqiyos goʻzallik ham inib boraveradi», degan purhikmat soʻzlari qulogʻimga singib ketgan. Bugun bu hikmatni barcha yosh onalarga taʼkidlayman.
Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt