Jaziramada ehtiyot boʻling: Salomatlikni asrash yoʻllarini oʻrganing!

0
305
marta koʻrilgan.

Ayni kunlarda kun juda issiq. Shunisiga shukrki, odam  tanasi har qanday iqlim sharoitlariga moslashish xususiyatiga ega. Baribir ehtiyot boʻlish kerak. JAZIRAMA   oʻrtacha havo haroratining 10 va undan yuqori darajaga koʻtarilishidir.

Jaziramaning salbiy oqibati. Bu mahalda inson tana harorati 37.1 S – 38.8 S gacha koʻtarilib, salomatlikka salbiy taʼsir etishi mumkin. Issiq havo yoki oftob urganida  badanning qizarishi va kuchli chanqoq kuzatiladi. Keyinchalik, hushdan ketish, nafas qisishi va yurak toʻxtashiga olib kelishi mumkin.

Jaziramadan saqlanish uchun tabiiy tolali kiyimlar, ventilyator, konditsionerdan keng foydalaning. Qishloq  joylarida esa soyabon, shiyponlar,  shuningdek,  derazalar uchun qalin pardalardan havzalardan, ichimlik suvidan, buloq suvlaridan unumli foydalanish kerak.
Issiq kunda, konditsionersiz iloji yoʻq. Ammo kuni boʻyi konditsionerli xonada ishlasangiz, shunday joylashing-ki, undan chiqayotgan sovuq xavo toʻgʻridan-toʻgʻri sizga taʼsir qilmasin.

Iloji boricha soya joylarda boʻlishga harakat qiling. Oftob urganda zudlik bilan soya joylarga oʻting,  dush qabul qiling yoki shamol bor joyga oʻtiring va asta-sekinlik bilan koʻproq suv isteʼmol qiling. Iloji boricha badaningizni sovutishga intiling.

Kepka, shlyapa yoki panamalar kiyishdan uyalmang. Chunki oftob urishi asosan bosh qiziganda sodir boʻladi. Kuningizni shunday rejalashtiringki, 12-00 dan 16-00 gacha koʻchaga chiqmaslik bu vaqtda yoki ishda, yoki uyda boʻlgan maʼqul.

Suvning ahamiyati. Suv ichish organizm faoliyatini yaxshi ishlashi va suv-tuz miqdorini meʼyorlashtirishiga qulay sharoitlar yaratadi. Organizmning suv tanqisligini toʻldirish uchun  oddiy ichimlik suvini qaynatib va sovutib isteʼmol qilish kerak.  Koʻproq dush qabul qiling. Muntazam ravishda tozalanish badanning nafas olishiga yordam beradi. Suv xona harorati kabi boʻlishi kerak. Muzdak suv bilan yuvinish esa, tana qizib turganida pnevmoniya kasalligiga olib keladi. Albatta, ochiq suv xavzalarda choʻmilish mumkin, ammo choʻmilish taʼqiqlangan xavzalarda choʻmilish qatʼiyan man etiladi. Ayniqsa, bolalarni tez-tez choʻmiltirib turing. 

Ertalab va kechqurun koʻproq harakat qiling. Jazirama kunlaridagi kamharakat gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi. Yozning jazirama issigʻi, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari hamda semizlikka chalingan insonlar salomatligiga taʼsir qilishi va ulardagi surunkali kechayotgan kasalliklarning avj olishiga sabab boʻlishi mumkin. Chunki, issiq iqlim, yuqori harorat yurak-qon tomir tizimining zoʻrikib ishlashiga olib keladi. Shuning uchun turli xil noxush asoratlarning oldini olish maqsadida tana vazni meʼyoridan ortiq boʻlganlar, yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan insonlar jaziramada dam olish va mehnat qilish rejimiga hamda ovqatlanish tartibiga alohida eʼtibor qaratishlari zarur.

Maʼlumki, jismoniy zoʻriqish tanada issiqlik ishlab chiqarilishini kuchaytiradi hamda tananing yanada qizishiga sabab boʻladi. Shuning uchun ochiq havoda ishlovchilar faoliyatlarini kunnnig salqinroq vaqtlariga (erta tongdan 11gacha) yoki kechki salqinga ( soat 17dan – 20gacha) moʻljallagani maʼqul. Kunning eng issiq vaqtlarida, salqin xonalarda boʻlishi maqsadga muvofiqdir.

Tez-tez suv ichib turish juda-yam foydali. Koʻk choy chanqoqni yaxshi qondiradi, oʻzidagi vitamin va mineral moddalar hisobiga insonga kuch bagʻishlaydi, shuningdek, oshkozon-ichak yoʻlidagi kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarni oʻldiradi, dizenteriya va boshqa yuqumli oshqozon-ichak kasalliklaridan himoya qiladi.

Shakarsiz kompotlar, ayron, nordon mevalarning sharbatlari kuchli chanqoqbosdi ichimliklar boʻlishi bilan birga terlash natijasida yoʻqotilgan vitamin va mineral moddalarning ham oʻrnini qoplashda yordam beradi. Shirin va quyuq meva sharbatlari (oʻrik, shaftoli va uzum) aksincha chanqoqni kuchaytiradi. Limonli choy  kuchli terlatishi bilan ancha vaqtgacha tanani qizishdan saqlaydi, shuningdek, suv va tuz balansini saqlashda yordam beradi.

ShIRIN ShARBATLARNI, TURFA RANGLI ICHIMLIKLAR ISTEʼMOLINI CHEKLANG. Ularning tarkibidagi sunʼiy boʻyoqlar, turli xil maza beruvchi qoʻshimchalar va shakar chanqoqni kuchaytirishi mumkin, ularni koʻp isteʼmol qilish  zararlidir. Zinhor qaynatilmagan suvni ichmang, unda turli xil yuqumli oshqozon-ichak kasalliklarini chaqiruvchi mikrob va viruslar boʻlishi va ular qorin tifi, vabo va boshqa yuqumli kasalliklarni chaqirishi mumkin. Mineral suvlar, qaynatib sovutilgan suv ichish maqsadga muvofiq.

Ovqatlanish. Kunlik ratsion yengil hazm boʻladigan taomlardan iborat boʻlishi kerak. Yogʻlik taomlar hamda shirinliklar tanada energiya hosil boʻlishini kuchaytiradi va tananing qizib ketishiga sabab boʻladi, shuningdek, issiqlik taʼsirida sustlashgan oshqozon-ichak tizimi faoliyatini zoʻriqtiradi. Jazirama kunlarda suyuq taomlar, ayron, qatiq, kefir kabi sut mahsulotlari, meva va sabzavotlarni isteʼmol qilish, terlash natijasida organizm yoʻqotadigan suv va zarur moddalar — oqsil, vitamin va mineral tuzlar oʻrnini qoplashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Issiq kunda koʻproq sovuq taomlar isteʼmol qiling. Yogʻli, qovurma ovqatlarni, sut va goʻsht mahsulotlarini(kolbasa, qozi, tabaqa kabi) kamroq  isteʼmol qiling. Baliq va sabzavotlardan foydalanish ayni muddao. Sutli mahsulotlar haqida alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Chunki, tez ayniydi.  Quyosh nuri tushib turgan rastalardagi neʼmatlarni sotib olmaslik kerak. Albatta, taomlarni tuz bilan tannovul qiling,  chunki,  yuqori xaroratda, tananing terlashi natijasida koʻp miqdorda natriy moddasi yoʻqotiladi. Pivo va boshqa alkogol ichimliklarni isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

JAZIRAMADA  KIYINISH ODOBI. Jazirama issikda havoni yaxshi oʻtkazadigan, terlash asoratini shimadigan, quyosh nurini qaytaradigan va teriga zarar yetkazmaydigan kiyimlar tavsiya etiladi.  Kiyimlar keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan boʻlishi kerak. Ip-gazlama aynan shunday xislatlarga egadir. Qora va jigar rang gazmoldan tikilgan kiyimlar oʻziga issiqlik va quyosh nurini  tortadi, oq rangli gazmoldan tikilgan kiyimlar esa issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega. Imkon darajasida kiyim tanlashda gazmolning rangiga eʼtibor berish  maʼqul.

YOZ KUNLARI QUYOSH NURIDAN ERTALAB YeTTIGACHA FOYDALANISH MAQSADGA MUVOFIQ BOʻLADI. Quyosh nuri taʼsirida organizmda raxit kasalligining oldini oluvchi «D» vitamini hosil boʻladi. Biroq bosh kiyimsiz tik quyosh nurida uzoq yurish oftob urishiga olib keladi. Baʼzi kishilarda  koʻz kasalligi kataraktaning rivojlanishini kuchaytiradi. Terini jaziramadan  himoya qilmaslik uninng kuyishiga va bu jarayonning uzoq davom etishi esa, teri saratoniga ham olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bolalar quyoshning ultrabinafsha nurlariga oʻta taʼsirchan boʻladilar. Shuning uchun ular jazirama issiq vaqtlarda soyada boʻlishlariga ahamiyat berish kerak. Soyaboni keng bosh kiyimlar kiyish va oftobdan saqlovchi qora koʻzoynaklar taqish oftob taʼsiridan asraydi. Bolalarni hovuzchalarda choʻmiltirib turish judayam yaxshi samara beradi.

ISSIQ URISHI. Bu holat odamda tana haroratining juda ham koʻtarilib ketishi, alahsirash, tirishish-tortishish va baʼzida hushdan ketish  bilan kechadi. Ayniqsa, qariya va bolalarda, organizmning yuqori haroratiga moslashuv jarayonlarining sustligi natijasida kuzatiladi. Yurak-qon tomir tizimida kasalliklari mavjud boʻlgan odamlarda ham issiq urishi xavfi yuqori boʻladi. Issiq urishida birinchi yordam tana haroratini tushirishga qaratilgan boʻlishi kerak. Oftob urganda koʻngil aynishi, bosh aylanishi, quloqning shangʻillashi, baʼzida esa hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.

BUNDA NIMA QILISH KERAK? Zudlik bilan “Tez yordam” chaqirish, shifokor kelgunga qadar  salqin joyga oʻtish va yon boshlab yotqizish lozim. Boshga sochiqni hoʻllab qoʻyish, boʻyinni siqib turgan yoqadan boʻshatish, tor kiyimlarni yechish zarur.
Bemor oʻziga kelsa suv ichirish maqsadga muvofiq..

Shoira BEKCHANOVA, oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.