Odamning yoshi oʻtib borgani sari organizmda kalsiy miqdori kamayib boradi. Ayniqsa, qirqdan oshgandan soʻng qon tomir devorlarida va togʻaylarda tuz toʻplanishi kuchayadi. Bunday holatda togʻaylar oʻz egiluvchanligini yoʻqotadi.
Boʻgʻimlarda ogʻriqlar odamni bezovta qila boshlaydi. Kalsiy suyakning tuzilishida asosiy unsur hisoblanadi. Bu modda suyakda koʻproq toʻplanadi. Uning qolgan qismi esa qon va toʻqimalar tarkibida hamda ionlar holida oqsillarga birikkan boʻladi. Tuz tananing boshqa aʼzolarida ham toʻplanishi mumkin. Lekin uning markaziy qon tomirlar, yurak, miya, aorta, buyrakda toʻplanishi hayot uchun juda xavflidir.
Bunday paytda goʻshtni kamroq, sut, tuxum, turli yorma donli, ayniqsa, Sa vitaminiga boy neʼmatlarni koʻproq isteʼmol qilish kerak. Sa vitamini arteriya devorlarini yumshatadi. U ayniqsa, karam, kartoshka, koʻk piyoz, pomidor, qizil qalampir, qora smorodina (qoragʻat), qulupnay, shovul, apelsin, limonda koʻp boʻladi. Xom kartoshka sharbatini ichish skleroz kasaliga duchor boʻlishning oldini oladi. Shuningdek, koʻproq karam, tarkibida yod boʻlgan ozuqalar, V vitaminiga boy boʻlgan noʻxat va don mahsulotlari, shuningdek goʻsht mahsulotlari yaʼni molning jigar, buyrak va yuragini tanovul qilish foydalidir.
Kalsiy yurak, buyrak ishini yaxshilash bilan birga qon toʻqimalari, hujayralar hamda gormonlarni ajratuvchi endokrin bezlar uchun ham juda zarur.
Tibbiy koʻrikdan oʻtib, qondagi kalsiy miqdorini aniqlash zarur. Shifokor tavsiyasiga asosan kalsiy darmondorisidan ichib turish kerak.
Agar kalsiy yetishmasa, ichki sekretsiya bezlari toʻgʻri ishlamaydi va organizmda vaqtidan oldin qarish boshlanadi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, kasallik paytida kalsiy juda koʻp sarf boʻladi. Yoʻqotilgan kalsiyning oʻrnini sunʼiy ravishda toʻldirish lozim. Kalsiy moddasi sut va sut mahsulotlari, tuxum sarigʻi, sholgʻom, rangli karam, bodom, xom sabzavot va mevalarda, shuningdek, zaytunda koʻp boʻladi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi