Karantin davrida isiriqdan foydalanishning ahamiyati

0
1544
marta koʻrilgan.

Isiriq giyohi va uning shifobahsh hususiyatlari karantin davri uchun katta ahamiyatga ega. U giyoh qadimdan insonga kelishi mumkin boʻlgan barcha ofat va xastaliklarning oldini oluvchi hisoblanib, irim-sirim sifatida ham ishlatiladi.  Eski rivoyatlarga koʻra, xonadonda isiriq tutatib turilsa, kasallik kam boʻladi va isiriq ins-jinslarni haydab chiqaradi, deya tushuniladi.

Ilmiy tibbiyot isiriq tarkibida boʻlgan taʼsirchan moddalar koʻzga koʻrinmas mikroorganizmlarga qiron keltirishini allaqachon isbotlab bergan. Shuning uchun isiriqdan ajratib olinadigan garminal-kolloidi va oʻsimlik ildizidan tayyorlangan spirtli damlama Parkinson xastaligini, tutqanoq, ensefalitni, bosh miyaning yalligʻlanishi asoratini yaʼni qaltirashni davolashda hamda uxlatuvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Isiriqning barcha tarkibiy qismlari va urugʻi alkaloidlarga boy boʻlib, uning ildizida 3,3% gacha, poyasida 3,57% gacha, bargida 4,96% gacha va urugʻida 6,6% gacha alkaloidlar borligi aniqlangan. Ulardan garmolin, garmin, peganel va dezoksipeganin kabi moddalar ajratib olinadi. Isiriqning urugʻidan koʻp miqdorda yogʻ olish mumkin. Bu yogʻni turli xil usullarda, masalan, juvoz usulida, yuqori mexanik bosim ostida yoki kimyoviy usullarda (ekstraksiya) olish mumkin. Isiriq yogʻi miyadagi toʻsiqlarni ochish, paylarni mustahkamlash va paylardagi yellarni tarqatishda ishlatilishi mumkin. Isiriq yogʻini ozuqa sifatida isteʼmol qilish ham mumkin, albatta. Tizza va suyaklar qaqshab ogʻriganda isiriqning yer ustki qismini ezib, ogʻrigan joyga bogʻlanadi. Isiriqdan kuchli peshob haydovchi sifatida ham foydalanishadi.

Xalq tabobatida isiriqdan foydalanish. Uning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma bod, bezgak, tutqanoq, uyqusizlik, shamollash va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bunday qaynatma qoʻtir, qichima va boshqa teri kasalliklariga ham foyda qiladi. Isiriqning urugʻidan tayyorlangan qaynatma zigʻir urugʻining qaynatmasi bilan birgalikda nafas qisishi, nafas olishning qiyinlashishida ishlatiladi.

Isiriqning shifobaxsh xususiyatlari sifatida quyidagilarni qayd qilishimiz mumkin: ichaklardagi bodlarni haydaydi, organizmda quyuqlashadigan moddalarning oldini oladi, sovuq mijozli kishilarga jinsiy quvvat bagʻishlaydi, badanni semirtiradi, peshob, ter, sut va hayz yurishini ravonlashtiradi.  Savdo va quyuq balgʻamni esa ich ketishi bilan daf etadi.

Isiriqdan foydalanish uchun foydali tavsiyalar:  Isiriqni tuyib, xonaning burchaklari va poliga sepib qoʻyilsa, har xil hashoratlar bu xonadonga yoʻlamaydi, borlari esa  qochadi.  Isiriq tutatsangiz, xonangizning havosi tozalanadi, mikrob infeksiyalari qiriladi. 

Isiriqdan qaynatma tayyorlash: kastryulkaga 250 gramm suv quyiladi va unga maydalangan isiriqdan bir choy qoshiq solib, past olovda 5 daqiqa qaynatiladi. Keyin 2 soat sochiqqa oʻrab damlab qoʻyiladi. Undan soʻng 2 qavat dokadan suzib olinadi va ovqatdan oldin kuniga 3 mahal 1 osh qoshiqdan profilaktika maqsadida ichiladi.

 Isiriqdan vanna. Bir bogʻ isiriqni bir paqir suvda qaynatib, dokada suzib olingach, vannaga quyiladi. Uning ustiga issiq suv quyib, to suv sovigunicha vannada yotilsa, bosh ogʻrigʻiga davo boʻladi. 

Tizza va suyaklarning qaqshab ogʻrishida. Bir siqim isiriqni 400 ml suvda past olovda 5 daqiqa qaynatiladi va bu qaynatmaga 10 kun davomida paxta yoki matoni shimdirib, ogʻrigan joyga surib yurilsa, tizza va suyaklarning qaqshab ogʻrishiga davo boʻladi.

Isiriq zaharli giyoh boʻlgani uchun undan foydalanishda shifokor-tabib tavsiyalariga toʻla amal qilish lozim. Issiq mijozli kishilarga isiriqni isteʼmol qilish zararlidir, chunki bu ularning boshini ogʻritib, yuraklarini behuzur qiladi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.