Keshyuning vatani Braziliya. Hind yongʻoqi deb ham yuritiladi. Nega? Chunki Braziliyalik hindularning neʼmati hisoblanadi. Braziliyada uni barcha sevib isʼtemol qiladi. Bugungi kunda u 30dan ortiq mamlakatlarda oʻstirilmoqda.
Hindular yongʻoqining hosili ikki qismdan iborat: mevasining oʻzi va uning tepasidagi yongʻoq. Ular poʻstloqsiz sotiladi. Xaridorlarga qulayligi uchun emas, uning poʻstlogʻi ostidagi terini kuydiruvchi zaharli yogʻ mavjudligi uchun shunday qilinadi. Yongʻoq isteʼmolga xavfsiz boʻlishi uchun termik qayta ishlash jarayonidan oʻtkaziladi.
Keshyu A, V2, V1 kabi vitaminlar, sink, fosfor, kalsiy, temir moddalariga boy. Bunday elementlar toʻplami uni antibakterial va antiseptik xususiyatlar bilan taʼminlaydi. Yongʻoqning bu turi immun tizimini mustahkamlab, qondagi xolesterin miqdorini normallashtiradi, shuningdek yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi.
Yaponiyalik olimlar ushbu yongʻoqda tish emaliga zararli taʼsir koʻrsatadigan mikrob va bakteriyalar bilan faol kurashadigan modda borligini aniqlashdi. Masalan, Afrikada shifokorlari esa tish milki yalligʻlanganda davo sifatida mayda toʻgʻralgan yongʻoqlardan tayyorlangan malhamni ishlatadilar.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.