Kiyik oʻtining foydasi va zarari

0
10700
marta koʻrilgan.

Ilmiy tabobatda oʻsimlikning damlamasi va preparatlari yurak-qon tomirlari tizimi ish faoliyatini yaxshilashda, arterial qon bosimini pasaytirishda, hamda peshob haydovchi dori vositasi sifatida keng qoʻllaniladi. Oʻsimlikning yer ustki qismlari– poyasi, bargi va toʻpgullari tarkibida 2.5 foizgacha efir moylari, S, Ye, A vitaminlari mavjud. Hozirgi vaqtda bu yigʻma tibbiyot amaliyotida jigar hastaliklarini davolashda, ayniqsa sariq kasalligi – gepatitni samarali davolashda ishlatilmoqda.

Oʻsimlikning tindirmasi yurak nevrozida, erta klimaksda, yoshga oid revmokarditda, qon aylanishi izdan chiqqanda, yurakning ishemik kasalligi, koronar aterosklerozda, bosh ogʻrigʻida, miokarditda minerallar almashinuvini tiklashda yaxshi yordam beradi. Shuningdek, kiyik oʻti damlamasidan nafas maromini yaxshilash, aritmiyani davolash kabi maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Balgʻam koʻchishi qiyin boʻlganda, qon bosimini tushirishda oʻsimlik barglari ozgina asal bilan damlab ichiladi.

Asabni tinchlantirishda, ayrim teri xastaliklarida zararlangan sohani yuvish uchun dorivor isiriq bilan qoʻshib qaynatiladi va suzib ishlatiladi. Yuragi xasta bemorlarga esa kiyikoʻtga yalpiz qoʻshgan holda qabul qilish tavsiya qilinadi.

Revmatizm asoratlari kuzatilgan bolalarga kiyik oʻti damlamasini berganda yer ustki qismidan tayyorlangan xomashyoning 3 osh qoshigʻi olinadi va maydalanadi. Soʻng 0,5 l qaynoq suvda damlanadi va kuniga 3 mahal 2 osh qoshiqdan qabul qilinadi.

Katta kishilar nevroz, nevrasteniya va qon tomir xastaliklariga duchor  boʻlganida kiyik oʻtining quritib maydalangan poya va barglaridan 2-3 osh qoshiq  olinib, 0,5 l qaynoq suvda damlab, 30 daqiqa tindiriladi. Kuniga och qoringa 1-2 piyoladan ichiladi.

Koʻngil aynishi, ichak sanchiqlari kuzatilsa, ishtaha yoʻqolsa quritilgan kiyik oʻtini maydalab 250 ml suvda 3-4 daqiqa qaynatasiz. Biroz tindirib kuniga 4 marta 1 osh qoshiqdan ovqatdan oldin ichiladi.

Qon bosimi oshganda 3 osh qoshiq quritilgan xomashyoni 0,5 l tibbiyot spirtiga solib, 10 kun davomida tindirib qoʻyiladi. Keyin yarim piyola suvga 25 tomchidan qoʻshib kuniga bir marta ichiladi.

Kiyik oʻti damlamasi  yalligʻlanishda yaxshi samara beradi. Termozga (0,5l) bir osh qoshiq quritilgan oʻsimlikni damlab qoʻyasiz va kun davomida och qoringa bir piyoladan ichib yurasiz. Bu damlama bilan revmatizm, podagra, tish ogʻrigʻi va milk kasalliklarini ham davolash mumkin.

Oʻsimlik jiddiy nojoʻya taʼsirlari boʻlmagan oʻsimliklar guruhiga kiradi, biroq… Faqatgina gipotoniya yaʼni arteriyalarda qon bosimi past boʻlganida va allergik teri kasalliklarida kiyik oʻtini qoʻllashdan ehtiyot boʻlish kerak. Uni meʼyoridan koʻp ichish qon bosimi tushishiga olib kelishi mumkin. Oʻsimliklarga allergiya boʻlmagan odamlar bu koʻkatni bemalol choy va ziravor sifatida organizmni sogʻlomlashtirishda ishlatsalar boʻladi.

Shuningdek, homiladorlikda ham kiyik oʻtiga ruju qoʻyish tavsiya qilinmaydi. Ibn Sino homilador ayol kiyikoʻtdan notoʻgʻri foydalansa, homilasi tushishi, peshobda qon paydo boʻlishi haqida eslatib oʻtgan.

 Fazilat Saʼdullayeva, farmatsevt

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.