Koʻz bilan bogʻliq xastaliklar hamda uning oldini olish borasida qator savollar bilan Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromovga murojaat qildik (1-qism).
– Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ayrimlarida nima uchun koʻz kasalliklari bilan bogʻliq asoratlar yuzaga kelmoqda?
– Ilmiy tekshirishlar asosida shuni aytish mumkinki, koronavirus koʻz yoshi ishqoriyligiga juda yaqin. Aynan shuning uchun koʻzlar koronavirus infeksiyasining organizmga tushishi uchun oʻziga xos “darvoza”ga aylanadi. Koronavirus asoratlari haqida gapiradigan boʻlsak, qon tomirlarining yorilishi, subkonʼyunktival qon quyulishi, gemoftalm, tromb hosil boʻlishi, toʻr parda markaziy arteriyasi okklyuziyasi, toʻr parda markaziy venasi tromboziyasi, kavernoz sinusi trombozi kabilarni keltirish mumkin.
Misol uchun, koronavirus tarqala boshlashi bilan subkonʼyunktival qon quyulishli bemorlar soni ham ortdi. Bunday xollarda koʻz tashqaridan ayanchli holatdagidek koʻrinadi, lekin koʻrish oʻtkirligi va koʻzning ichki xolati yaxshi saqlanishi va koʻzning koʻrinadigan qismida quyulgan hol asoratsiz 10-14 kun ichida soʻrilib ketishi mumkin. Lekin, afsuski, koʻz ichida tromb hosil boʻlganda shifoxonaga kech murojaat qilingan holatlar ham uchrab turadi.
– Koronavirusga chalingan bemorlar koʻz kasalliklaridan tuzalib ketadimi yoki asoratlari qoladimi?
– Har bir kasallik singari koronavirus tufayli yuzaga kelgan xastaliklar kechishi va asoratlari ham individual boʻladi. Immun tizim, koʻzlarning kasallikdan avvalgi holati, shuningdek, davolanish choralari qay tarzda kechishiga qarab, asoratlar boʻlish yoki boʻlmasligi mumkin. Shuni aytish joizki, koronavirusda kech yuzaga keladigan asoratlar ham mavjud. Qon xususiyatlari va tromboz singari oʻzgarishlar qayta hosil boʻlishi havfini tugʻdirishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun shifokor nazoratida boʻlishi hamda laborator taxlillar muntazam tarzda bajarilishi kerak.
– Kuz mavsumida turli allergik kasalliklar koʻpayadi. Aytingchi, ushbu mavsumda koʻz bilan bogʻliq qanday allergik kasalliklar avj oladi?
– Kuzda mavsumiy pollinoz konʼyunktivit, medikamentoz allergiya, allergik keratokonʼyunktivit, atopik keratokonʼyunktivit, yirik papillyar konʼyunktivit, xronik allergik konʼyunktivit xuruji kabi koʻz kasalliklari avj olishi mumkin. Odatda allergiyaga moyilligi bor insonlar parhez qilish haqida, shifokorga murojaat etish kerakligi toʻgʻrisida yaxshi bilishadi. Lekin oxirgi paytda aholi orasida koʻplab turli xil dori vositalarining oʻz bilganicha qoʻllanishi oqibatida allergiya holatlari koʻpaymoqda.
– Koʻz bilan bogʻliq allergik kasaliklarni davolash va uning oldini olish borasida qanday tavsiyalar bera olasiz?
– Agar oʻzingizda allergiyaga moyillik sezsangiz, birinchi navbatda, isteʼmoldan allergenlarni olib tashlang. Antigistamin dori vositalarini betartib ishlatmang. Eng muhimi, koʻz shifokori koʻrigidan oʻtib, ular yozib bergan dori vositalarini oʻz vaqtidi qabul qiling.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.