Shu yil 6 sentyabrda qabul qilingan “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinadi hamda ularning chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar va giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud boʻlgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga qatʼiy barham choralari amalga oshiriladi. Bu jarayonda tekshirishlar Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tashkil etiladi.
Manba: http://www.minzdrav.uz