Mana kuzning birinchi oyi ham qish bilan bahs boylab oʻz nafasini atrofga yoymoqda. Bunday paytda inson organizmiga infeksion va surunkali kasalliklar xavf sola boshlaydi. Shuning uchun ham aynan shu davrda oʻz salomatligingizga eʼtiborliroq boʻlishingiz lozim boʻladi. Sizga bermoqchi boʻlgan bir nechta maslahatimiz sizning sogʻligingizni asrashda asqotadi, albatta.
Issiqroq kiyining. Bel sohasidan tepada turadigan kurtka, kalta yubka, rezina podoshvali oyoq kiyimi bu piyelonefrit kasalligiga qisqa yoʻl demak. Ob-havoga mos kiyinishni odat qiling. Ayniqsa, ish faoliyatingiz sizning doimiy ochiq havoda boʻlishingizni taqozo etsa. Masalan: kurerlik xizmatidagi xodim, patrul xizmatidagi fuqarolar, sotuvchi va boshqalar.
Shamollashdan saqlaning. Shamol va izgʻirinli kunlar boshlanyapti. Bunda sovuqning salbiy taʼsiridan moyli massaj himoyalaydi. Masalan, bodom danagi magʻziga makkajoʻxori, barra bugʻdoy hamda yongʻoq mevalari qoʻshasiz. Har kuni kechqurun qoʻl panjasi va oyoq tovonlarini moy bilan uqalang. Dam olish kunlari uyqu oldidan butun gavdangizni silang (muolajani ensa tomondan pastga oyoq uchiga qadar silash bilan bajaring). Bunday muolaja sizni shamollashdan himoya qiladi.
Vitaminlarni gʻamlang. Yoz faslida yaxshi yetilgan reza mevalaridan qizil va qora chetan mevasi–ryabina, naʼmatak kabi mevalardan gʻamlab qoʻyish lozim. Bu kabi reza mevalar organizmni qishning sovuq havosidan himoya qiluvchi kuchini oshirishda qoʻllab-quvvatlaydi. Kuzgi maʼyuslik hamda bahorgi vitamin yetishmovchiligidan himoya qiladi. Obdon quritilgan reza mevalar qish boʻyi yaxshi saqlanadi. Ularni choy damlagandek damlab isteʼmol qilish mumkin.
Sogʻlom ovqatlanish qoidasiga rioya qiling. Havo harorati soviy boshlagach ovqatlanish ratsionida goʻshtli taomlarga koʻproq navbat berish kerak boʻladi. Ammo goʻsht maxsus falga qogʻozida yoki yogʻsiz dimlab pishirilgan boʻlsa maqsadga muvofiq boʻladi. Birinchi taom sifatida turli boʻtqa yoki shoʻrvalar albatta ovqatlanish ratsionidan joy olishi shart.
Shuningdek taomlarga zanjabil, qora murch, muskat yongʻogʻi hamda kardamon kabi qizdiradigan turli ziravorlar qoʻshishni unutmasangsiz, oʻzingiz va oila aʼzolaringizni shamollashdan asragan boʻlasiz.
Kuz — qovoqxoʻrlik davri hisoblanadi. Pektin moddasi inson tanasini ichaklarda yigʻiladigan zaharli moddalardan tozalashda muhim ahamiyatga ega. Ana shu pektin moddasiga juda ham boy boʻlgan qovoq koʻpchilik uchun sevimli mahsulotdir. Undan turli taomlar tayyorlash mumkin. Dimlab yoki gaz duxovkasida pishirib isteʼmol qilinsa u parxez taom hisoblanadi. Qovoq oʻrtacha haroratda uzoq vaqt saqlanganligi sabab undan qish boʻyi turli taomlar tayyorlash mumkin.
Fazilat Saʼdullayeva,
1-Respublika tibbiyot
kolleji oʻqituvchisi