Bahor oylarida organizmdagi vitamin tanqisligidan forigʻ boʻlish uchun 1 stakan issiq (50-60 daraja haroratli) suvga 1 dona limonning sharbati va 1-2 choy qoshiq toza asal aralashtirib ichish kifoya. Limondan vitaminli damlama tayyorlash uchun 4 stakan archa tikanlari ustiga 600 gramm sovuq suv quyiladi, unga 1 dona limon sharbati aralashtiriladi va 2 kun qorongʻi joyda saqlanadi. Damlama vaqti-vaqti bilan aralashtirilib turiladi va tayyor boʻlgandan soʻng, 2 qavat dokadan oʻtkazilib, har kuni 200 grammdan ichiladi.
Inson organizmini yoshartirish uchun 4 dona limon sharbatiga 300 gramm qirgʻichdan oʻtkazilgan sarimsoq qoʻshiladi. Ovqatdan 30 daqiqa oldin 1 stakan suvga ushbu aralashmadan 1 choy qoshiq solib ichiladi.
Ishtahani ochish uchun limon poʻstidan tayyorlangan damlamani ichish tavsiya etiladi. Buning uchun quritilgan va maydalangan 100 gramm limon poʻstini 1 litr aroqqa solib, 3 hafta mobaynida qorongʻi xonada saqlash kerak. Vaqti-vaqti bilan idishni chayqatib turiladi. Muddat tugaganidan keyin eritmani 2 qavat dokadan oʻtkazib, suzib olinadi va 30 tomchidan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin ichiladi.
Kuchli quvvatsizlikda quyidagi damlama yordam beradi: 4 dona limon poʻsti bilan goʻsht qiymalagichdan oʻtkaziladi va unga 200 gramm yangi uzilgan limonning sharbati, 200 gramm zaytun moyi, dorixonada tayyorlangan 15 gramm valeriana va doʻlana damlamasi, 1 gramm kamfora spirti va 15 tomchi yalpiz yogʻi solinadi. Ularning hammasi aralashtirilib, bir kunda 3 mahal ovqatdan oldin 1 osh qoshiqdan ichiladi.
Angina boʻlganda, ogʻizning shilimshiq pardasi yoki tomoq shamollaganda ogʻiz va tomoqni limon sharbatiga 1:1 nisbatda asal qoʻshib chayish tavsiya etiladi. Bundan ham samarali usul esa quyidagidir: bir necha limonning sharbati olinib, oʻrtacha kattalikdagi qozonchaga solinadi va olovga qoʻyiladi. Sharbat qaynash darajasiga yetmasdan olovdan olinadi va suyuqlik 50-60 darajagacha sovuganidan soʻng, unga 1 osh qoshiq toza asal qoʻshiladi va erib ketmagunicha aralashtiriladi. Tayyor boʻlgan aralashma 2 qavat dokadan oʻtkaziladi va uni iliq xolida 2 osh qoshiqdan isteʼmol qilinadi. Ammo uni isteʼmol qilishdan avval xuddi shu damlama bilan 2 daqiqa davomida tomoq chayilib olinadi. Diqqat: ushbu damlama isteʼmol qilinganidan soʻng 1 soat davomida boshqa suyuqliklar ichishdan tiyilish kerak boʻladi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi