Aterosklerozni davolash: 1 dona limon va 1 bosh sarimsoqpiyoz qirgʻichdan chiqarilib aralashtiriladi va ustidan 1 litr qaynagan suv quyiladi. Keyin qopqogʻi yopiq idishda 2 sutka saqlanadi. Ushbu malham tayyor boʻlganidan soʻng, 2 qavat dokadan oʻtkaziladi va har kuni 1 osh qoshiqdan 3 mahal ichiladi.
Gipertoniya va insultning oldini olish uchun limon poʻstidan tayyorlangan damlamadan foydalaniladi. Buning uchun 2 osh qoshiq quritilgan yoki yangi uzilgan limon poʻstiga 400 gramm suv quyiladi. Soʻng yopiq idishda past olovda 30 daqiqa davomida qaynatiladi. Damlama xona haroratida 10 daqiqa tindiriladi. Shundan keyin dokadan suzib olinib, kuniga ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin 100 grammdan 3 mahal ichiladi.
Stenokardiya, bosh miya tomirlari shikastlanishi, yurak kasalliklari va nafas qisishida 10 dona limonning sharbatiga 1 litr toza asal va 10 bosh sarimsoqpiyozning sharbati qoʻshiladi. Bu aralashma qopqogʻi mahkam yopilgan shisha idishda bir hafta mobaynida saqlanadi. Soʻngra teng qismlarga boʻlinib, 2 oy davomida ichiladi.
Tromblar hosil boʻlishining oldini olish va qon quyulishida limon sharbati ichiladi, limon moyi esa qon bosimini pasaytiradi. Qon tomirlari shamollaganda kechasi yupqa kesilgan limon boʻlaklari kompress qilinadi (yaʼni, shamollagan joyga limon boʻlaklari terilib, ustidan qogʻoz yopiladi va bint bilan bogʻlab qoʻyiladi).
Suvchechakda limon sharbati va asal teng nisbatda olinadi va aralashtiriladi. Soʻngra tayyor boʻlgan aralashmani kuniga 3 mahal 1 osh qoshiqdan isteʼmol qilinadi. Migrenda ogʻriqni qoldirish uchun peshonaga yangi uzilgan limon poʻsti ichki tomoni bilan qoʻyiladi va qattiq achishish paydo boʻlganida, limon poʻsti olib tashlanadi. Odatda bu vaqtga kelib bosh ogʻrigʻi toʻxtaydi.
Oʻtkir jigar xastaligida va jigar qurishi (sirroz) da iliq limon moyidan kompress qilish foydalidir. Jigar qurishi, xoletsistit va sariq kasalligida 2 dona limon poʻsti bilan va 2 dona poʻsti olingan limon goʻsht qiymalagichdan oʻtkaziladi. Tayyor boʻlgan masalliqqa 1 kg toza asal va 200 gramm zaytun yogʻi qoʻshiladi. Keyin u qopqogʻi mahkam yopiladigan shisha idishga solinib, muzlatgichga qoʻyiladi va ovqatlanishdan 30-40 daqiqa oldin kuniga 3 mahal 1 osh qoshiqdan isteʼmol qilinadi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi