Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali umumiy amaliyot shifokori kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Malika Rahmetova bilan suhbatimiz sogʻlom onadan sogʻlom bola tugʻilishi masalalari xususida boʻlib oʻtdi. Ona sogʻlom, durkun, teran fikrli boʻlsa, uning zurriyodi ham hayotga dadil aralasha oladigan, quvnoq va qiziquvchan, durkun va teran boʻlib dunyoga keladi.
– Malika Rahimovna, biz sogʻlom avlod haqida gapirganimizda, eng avvalo onalar salomatligi masalalariga jiddiy eʼtibor berishimiz kerakligini koʻp marta eʼtirof qilamiz. Shunday emasmi?
– Ha, juda toʻgʻri aytdingiz. Zero, oila qurishga bel bogʻlayotgan har bir yosh-yigit puxta bilishi kerak boʻlgan salomatlik masalalari bu – oilalarning mustahkamligiga puxta zamin yaratilishi bilan ham harakterlidir. Chunki, har bir sogʻlom ayol farzand koʻrish baxtiga muayassar boʻladi. Har tomonlama – ham jismonan, ham maʼnan tetik boʻlgan ayoldan albatta sogʻlom zurriyotlar dunyoga keladi.
Amir Temur Hazratlarining “Oila qurish masalasiga davlat siyosati darajasida qarash lozim”, degan fikrlarini yana bir bor eslab oʻtaylik. Bugun ham xuddi shunday – ayolning, xoh u uy bekasi boʻlsin, xoh xizmatchi turmush tarzini, hayotini tubdan oʻzgartirishga, salomatligini muhofaza etishga, gʻamxoʻrlik va hurmatni kuchaytirishga, salohiyati va intilishlarini ruyobga chiqarishga eʼtiborni kuchaytirish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasi ekanligini xis qilib turibmiz. Farzand – barcha goʻzalliklar ichida eng betakror xilqat, har bir ayol sogʻlom bolalarni dunyoga keltirishga masʼul ekanligini unutmasligi zarur.
– Biz “oddiygina” deb hisoblagan ayrim kasalliklar tajribada yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jumladan, yod tanqisligi holati va kasalliklari onadan bolaga salbiy taʼsirlar ostida oʻtishi kuzatiladi. Shundaymi?
– Yod tanqisligi, endokrin xastaliklari aslida oddiy kasallik emas. Bemor baʼzan bu kasallikni tafovut qila olmaydi. Haqiqatdan koʻz yumib boʻlmaganidek, ushbu kasallik bilan ogʻrigan homilador onadan uning zurriyodiga yod tanqisligi oqibatida turli yoʻsindagi xastaliklar oʻtishi kuzatiladi.
Sogʻlom avlodni dunyoga keltirishga masʼul har bir ona oʻziga nima zarur ekanligini yaxshi bilishi kerak. Katta yoshdagi sogʻlom odamlarda sutkalik yodga ehtiyoj 180-280 mkg tashkil etadi. Agar sutka davomida 100 mkg dan kam miqdorda yod isteʼmol qilinsa asta-sekin qalqonsimon bez kattalashishi kuzatiladi. Atrof-muhitda yod yetishmovchiligining asosiy oqibati zob paydo boʻlishidir. Shu sababdan shu paytgacha yod tanqisligi xududlarida faqat zob rivojlanadi, degan tushuncha bor edi. Hozirgi paytda, yod yetishmovchiligi oqibatida zobdan tashqari inson salomatligi uchun xavf tugʻdiradigan holatlar rivojlanishi kuzatilib kelinmoqda.
Keyingi paytlarda yod tanqisligi kasalligi jahon tibbiyotining asosiy muammolaridan biri boʻlib kelmoqda. Chunki bu kasallik bilan aholining salomatlik holati va jamiyatning intellektual darajasi aniqlanadi. Shu sababdan ham 1990 yilda Butunjahon Sogʻliqni Saqlash assotsiatsiyasi tomonidan yod tanqisligi bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarni bartaraf qilish yuzasidan rezolyusiya qabul qilingan.
Aholining moddiy-iqtisodiy sharoitining yaxshilanishi, tibbiyot ilmi va amaliyotida sogʻliqni saqlash tizimida yuz berayotgan oʻzgarishlar, qoʻlga kiritilayotgan sohadagi muvaffaqiyatlar endemik zobning mamlakatimizda kamayishiga olib keldi. Biroq keyingi paytlarda aholining yodlangan tuz bilan taʼminoti susayishi hamda yod tanqisligi muammosiga eʼtiborning kamayishi bu xastalikning qator hududlarda koʻpayishiga ham sabab boʻlyapti.
Hozirgi paytda mamlakatimizda endemik zob bilan bogʻliq vaziyat salbiy tomonga oʻzgarayotganini kuzatishimiz mumkin. Endemik hududlarda qalqonsimon zob kattalashishining yuqori darajasi bolalar, xususan oʻsmirlar orasida paydo boʻlmoqda. Tugunli zob, qalqonsimon bez saratoni, autoimmunli tireodit kabi kasalliklar salmogʻi aholi orasida yildan-yilga oshayotganini kuzatish mumkin.
– Kasallik qanday kuzatiladi, uning oldini olish, davolash uchun uchun qanday choralarni qoʻllamoq kerak?
– Eng avvalo shifokor koʻrigidan oʻtish, aniq tashhislar asosida uning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilmoq kerak. Shu narsani unutmaslik kerakki, yod tanqisligi kasalligi kelib chiqishiga oqsil va vitaminlarga boy oziq-ovqat moddalarini kam isteʼmol qilish, infeksion omillar, intoksikatsiya, moddiy iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi sabab boʻlishi mumkin.
Inson organizmiga kerakli boʻlgan ayrim mikroelementlarning, shu jumladan brom, sink, kobolat, misni kam qabul qilish hamda ftor, xrom, kalsiy, marganets elementlarining ortiqcha tushishi endemik zobning rivojlanishiga olib keladi. Kasallik irsiy omillar natijasida, shuningdek, avlodida boʻqoq boʻlgan oilalarda ham koʻplab kuzatilmoqda.
Kasallikning kelib chiqishi mexanizmini tushunish uchun organizmda yodning oʻzlashtirilishini yaxshi tasavvur qilish lozim. Kasallikning dastlabki bosqichlarida nospetsifik shikoyatlar, yaʼni umumiy quvvatsizlik, bosh ogʻrigʻi, ishtaha yomonlashuvi, xotira susayishi, yurak sohasida noqulaylik, yutinganda qadalish hissi kabi shikoyatlar kuzatiladi. Qalqonsimon bez toʻqimasining oʻsishi boʻyicha diffuz, tugunli va aralash boʻqoqlar tafovut qilinadi. Tugunli boʻqoq qalqonsimon bezda oʻsmasimon toʻqima boʻlishi bilan harakterlanadi.
Yod tanqisligi holati va kasalliklari profilaktikasining uchta turi mavjud: ommaviy, guruhli va individual. Ommaviy profilaktikada aholi isteʼmol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qoʻshimcha kaliy yodid berish tavsiya qilinadi. Organizmga taxminan 90 foiz yod oziq-ovqat bilan, 10 foizi suv bilan tushadi. Shu sababdan isteʼmol qilinadigan osh tuzini, nonni, yogʻni yodlash yoki yod preparatlarini qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan. Yodlangan tuz bilan taʼmin qilishda 1 tonna tuzga 25 gramm kaliy yodid qoʻshiladi. Guruhli profilaktikada aholining ayrim qatlami bepul antistrumin, yodid 100-200 kabi yod preparatlari bilan taʼmin etiladi. Bolalar va homiladorlarga, emizuvchi ayollarga antistrumin beriladi. Bunda tarkibida 1 mg kaliy yodid boʻlgan antstrumin haftada 1-2 marta qabul qilish buyuriladi.
Kasallikni davolash qalqonsimon bez hajmining kattalashish darajasiga bogʻliq. Qalqonsimon bezning I-II darajadagi kattalashishida va endemik boʻqoqning III darajasida yod preparatlarini buyurish yetarli boʻlib hisoblanadi. Antistrumin 1 tabletkadan kuniga 3 oygacha, agar klinik effekt kuzatilsa keyin haftada 1 tabletkadan 2 marta qabul qilish tavsiya etiladi. Diffuz boʻqoqning eutireoz yoki gipotireoz bilan kechadigan III-IV darajalarida qalqonsimon bez gormon preparatlari buyuriladi. Tireoidin dastlab kam dozada sutkasiga 50 mg dan, keyinchalik esa 2 haftada 50 mg dan oshirish mumkin. To eutireod holatiga erishilganida oʻrtacha davo kursi 100-200 grammdan 6-12 oygacha davom etadi. Bir yil davomida oʻtkazgan gormonal preparatlar bilan davo kursi naf bermasa keyingi davolash maqsadga muvofiq emas. Agar yod tanqisligi holati va kasalliklarida qalqonsimon bez juda kattalashib ketsa, tugunli yoki aralash boʻqoq boʻlsa, bez atrofidagi organlarni qisib qoʻysa operativ davo tavsiya qilinadi.
– Malika Rahimovna, mamlakatimiz aholisining intellektual salohiyatini yuksaltirishda salomatlik masalasi shak-shubhasiz nihoyatda muhim ahamiyaga ega. Sogʻlom avlodni dunyoga keltirishga masʼul ayollarimizga nimalar degingiz bor?
– Har bir ayol baxtli, goʻzal va farovon hayot kechirishni xohlaydi va bunga haqli. Ana shu farovonlikni inson oʻz qoʻli bilan yaratadi. Agar “har kim oʻziga oʻzi tabib” degan tushuncha atrofida fikr yuritadigan boʻlsak, boʻlgʻusi onalar oʻz salomatligini muntazam nazorat qilib borishlari muhim ahamiyatga ega. Yetti muchasi sogʻ-salomat, har tomonlama bardam va baquvvat insonlardan sogʻlom farzandlar dunyoga kelishini har birimiz yaxshi tushunamiz va unga amal qilish uchun ragʻbat topish ham qoʻlimizdan keladi. Bu yoʻlda ayollarimizga oqilalik va yuksak ruhiyat tilab qolaman. Zero, har bir ona farzandini sogʻlom dunyoga keltirishni orzu qiladi. Bu esa oʻzimizga bogʻliq. Sogʻlom farzandlarni dunyoga keltirishga masʼul insonlar – onalarimizning umri uzoq boʻlsin.
– Malika Rahimovna, maroqli suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz!
Suhbatdosh: Dilbar Bekchanova, jurnalist
Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida uyushtirildi.