Malina (xoʻjagʻat) nafaqat mazali, balki foydali rezavor meva boʻlib, koʻpgina surunkali kasalliklarni davolashda immun tizimi faoliyatini kuchaytirish orqali yordam beradi.
Uning tarkibi fenol va antotsianlar kabi antioksidant birikmalarga boy. Bu antioksidantlar hujayralarning qarish jarayonini tezlashtiradigan va surunkali kasalliklarni chuqurlashtiradigan erkin radikallardan organizmni himoyalaydi. Inson vujudida antioksidantlar koʻp boʻlsa, uning sogʻligi mustahkam boʻladi. Immuniteti sust organizmga turli bakteriya va viruslar tez oʻrnashib oladi. Bu esa OʻRVI (oʻtkir respirator virusli infeksiya)lar, gripp kabi kasalliklarga olib keladi. Xoʻjagʻat immun tizimini mustahkamlaydi. Natijada organizm infeksiyalarga qarshi kurasha boshlaydi.
Yaqinda olimlar malina tarkibidagi keton moddasi yogʻlarning erishiga samarali taʼsir qilishini aniqlashdi. Ushbu birikma organizmda kislorodni isteʼmol qilish va issiqlik ajralib chiqishini tezlashtiradigan fermentlar faolligini oshiradi. Bu esa yogʻ hujayralarining tez erishini taʼminlaydi.
Notoʻgʻri ovqatlanish natijasida taom yaxshi hazm boʻlmaydi. Qorin dam boʻladi. Qabziyat yuzaga keladi. Bunday paytda ichakka dagʻal tolalar yordam beradi. Bitta malinada dagʻal tolali oziq moddalarning bir kecha – kunduzlik meʼyorining 32 foizi mavjud boʻladi. Koʻplab kasalliklar yalligʻlanish jarayoni bilan birga kechadi yoki uni keltirib chiqaradi. Ushbu meva yalligʻlanishga qarshi birikmalarga boy. Hayvonlar ustida oʻtkazilgan baʼzi tajribalar malina sut bezi, yoʻgʻon ichak, qiziloʻngach va bachadon boʻyni saratoniga qarshi shifobaxsh dorivor vosita ekanligini koʻrsatdi. U saraton hujayralarining rivojlanishini susaytiradi va ularni nobud etadi. Shuningdek, sogʻlom hujayralarni saqlab qoladi.
Diabetdan azob chekuvchi kishilarga qondagi qand miqdorini nazorat qilish qiyinchilik tugʻdiradi. Malina esa kraxmalni qandgacha parchalaydigan muayyan fermentlarni “bogʻlab qoʻyuvchi” birikmalarga ega boʻlgani tufayli, ushbu vazifani yengillashtiradi. Xoʻjagʻatda K vitamini yetarli miqdorda mavjud. Shu sababli u qonning ivishini normallashtiradi va protrombin miqdorini pasaytiradi.
Fazilat SAʼDULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta oʻqituvchisi