Namangandagi salomatlik aksiyasi doirasida noyob dori vositalari bepul tarqatilmoqda

0
384
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev boshchiligida Namangan viloyatida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan salomatlik aksiyasi davom etmoqda. Aksiya doirasida poytaxtlik malakali shifokorlar mahallabay kesimida bemor yurtdoshlarimiz holidan xabar olib, ularga sifatli tibbiy yordam koʻrsatayapti. Shuningdek, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga kerakli tibbiy buyumlar hamda bepul dori-darmonlar ulashilmoqda.

Bu jarayonda birinchi navbatda surunkali xastalikka yoʻliqqan ogʻir bemorlar va oddiy aholi olishga qurbi yetmaydigan qimmatli va noyob dori vositalarini yetkazib berishga eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, surunkali miyeloleykoz, yaʼni miyeloid turkumidagi hujayralarning hosil boʻlishi buzilishi xastaligi bilan ogʻrigan bemorlarga zarur boʻlgan noyob preparat bepul tarqatilmoqda. Oqibati erta oʻlim bilan yakunlanishi mumkin boʻlgan ushbu xastalikka chalinganlar uchun ushbu preparat suv va havodek zarur, desak adashmagan boʻlamiz. Shuning uchun ham bemorlar ularga dori olib kelayotgan mutasaddilarni qutqaruvchi farishtalardek koʻzlarida quvonch koʻz yoshlari bilan kutib olishmoqda.

— Surunkali miyeloleykoz qon ishlab chiqish tizimining oʻsma kasalligi hisoblanadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh gematologi Hamida Muhammedova. — U 3 bosqichda kechadi: surunkali, qoʻzgʻalish va terminal. Birlamchi tashxis xastalikning istalgan davrida qoʻyilishi mumkin. Ushbu tashxis qoʻyilgan bemor toʻqimasidan hujayralarda odatda uchramaydigan holat, yaʼni 9- va 22- xromosomalarning birlashib qolishi natijasida paydo boʻlgan Ph-xromosoma hali yetilmagan, oʻz faoliyatini bajara olmaydigan yaroqsiz hujayralarni ishlab chiqaradi. Shu bois qonda yaroqsiz oq qon hujayralari koʻpayib ketadi. Bu esa, inson hayoti uchun oʻta xavflidir.

Dastavval, ushbu kasallik faqatgina kimyoterapiya usulida davolanardi. Hozir esa, bu uslubga muqobil sifatida turli preparatlardan ham foydalanilmoqda. Tarqatilayotgan preparat 17 yil avval Oʻzbekistonda roʻyxatga olingan va kasallanishdagi oʻlim koʻrsatkichlarini kamaytirgani bois, bugungi kunda eng samarali dori vositalaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonda surunkali miyeloleykoz bilan 1700 nafar bemor roʻyxatga olingan boʻlib, “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi salomatlik aksiyasi doirasida Namangan viloyatida surunkali miyeloleykoz bilan ogʻriyotgan 84 nafar bemorga dori vositalari mutlaqo bepul ravishda tarqatilmoqda. Bu, albatta, aholi salomatligini tiklash, ularning baxtli va hayotdan rozi boʻlib yashashlari yoʻlida xizmat qiladi.
Salomatlik aksiyasi davom etmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.