Nega hamma niqob taqishi kerak?

0
924
marta koʻrilgan.

Har kuni anhor boʻyiga chiqaman. Karantin boshlangan dastlabki kunlarda chiqmadim, xalos. Chunki bu oʻttiz yillik shaxsiy qadriyatim, sogʻlom turmush tarzini xush koʻrgan tabiatimga xos xususiyatim! Koʻpincha nevaralarimni ham yonimga olaman. Doimo niqob taqib olamiz, qoʻlimizda  rezina qoʻlqop ham boʻladi.

 Anhor boʻyi avvallardanda gavjum.  Sportning turfa sohalarining  vakillari maxsus  mashqlari bilan shugʻullanishadi.     Keksalar xushmanzara joylarda piyoda yurish zavqini surishadi. Bizga oʻxshab oilaviy chiquvchilar ham talaygina. “Tanish-bilishlar chiqsa, ikki metr nari turib soʻrash menga oʻxshab”, deya oʻrgataman nevaralarimga. Mabodo  salomlashish uchun qoʻl choʻzsa, “uzr» deya qoʻlingni koʻksingga qoʻyib “assalomu alaykum” degin yana bir bora oʻrgataman. “Agar roʻparamizdan odam kelayotgan boʻlsa men ikki metr nariga qochishga harakat qilaman. Sizlar ham meni harakatimni takrorlang.  Odam odamdan qochadigan bu sinovli damlar ham oʻtib ketadi”, deya taʼkidlayman yana.  Sakkiz va olti yoshli nevaralarim oʻgitlarimni oladi. Qoʻl choʻzgan odamlar ham ularning nazokatli harakatlaridan  beixtiyor kulib yuborishadi. Bolalarga tushintirish oson, afsus kattalarga tushintirish juda qiyin.

Karantin davri boʻlishiga qaramay, anhor boʻyida yurganlarning  deyarli yarmi niqobini engagiga taqib oladi.   Ayniqsa yoshlar!.  Kuchiga, sogʻlomligiga ishonadi ular. Yuragida oʻti bor. Albatta, yuragida “gʻurji” yaʼni shijoati boʻlishi yaxshi, biroq tartib-intizomga rioya qilmasligi yomon. Yana ularning guruh boʻlib yurishini aytmaysizmi? Gohida, tartibga chaqiraman. Baʼzilari hozirjavoblik bilan:”biz bitta oilamiz” deya javob qaytarishadi. Ularning sinfdosh, kursdosh, mahalladoshligi mana men deb koʻrinib tursa-da, nimadir deyishni xush koʻrishadimi, bilmadim?

 Bir amallab odam yoʻq joyga, xushmanzara daraxtlar orasiga oʻtib olamiz. Tepamiz toʻrt-besh metr balandlik, pastimizda esa  7-8 metr qiyolik.  Balandlikdan pastga tushadigan zinopoya yoʻlak ham bizdan 4-5 metr uzoqlikda joylashgan. Ana shu joyda niqobni tushirib qoʻyib mashqni boshlaymiz.  Uyga qaytayotib yana odamlardan  qochish boshlanadi. Ollohim osayishta kunlaringni qadriga yetmadikmi, oʻzing kechir biz gʻaflatdagi bandalarni deya  beixtiyor shivirlayman.

Bu soʻzlarni nega yozyapman? Chunki, AOKA oʻz telegramm sahifasida yoritgan infografikani koʻrib, xursand boʻldim, minnatdorligimni ham bildirib qoʻygim keldi.

 AOKA krantin kunlar uchun mutaxassislar bilan dolzarb mavzularda huquqiy, tibbiy, ijtimoiy savol- javoblar uyushtirayapti. Ushbu sahifani oʻqigan kishining dili yorishadi. Oʻzingizga kerak nimanidir olasiz. Foydali maslahatlarni saytga qoʻyaman.  Ularni ezgulik, savob niyatida telegramm orqali yaqinlarimga, doʻsti- yoronlarimga, tanishlarimga joʻnataman. Baʼzilar hatto ochib qarashmaydi ham. Shu darajada mutolaaga befarq.  Ijtimoiy tarmoqlardagi mayda gaplarni esa oʻqib, munosabat ham bildirishadi. Hatto ayolu erkaklarning reklamabop tushgan suratlarini sharhlashadi. Shunga  vaqt sarflashadi. Undan koʻra  salomatligi, bilimi, ong-shuurining yuksalishiga koʻmakchi boʻlgan sahifalarni ochmaydimi, deya hayron boʻlaman.

AOKAning navbatdagi brifingda  niqob taqish madaniyatini ifodalaydigan infografika joylashtirgani ayni muddao boʻldi. Bu juda zarur edi. Chunki, keyingi paytda aholi orasidan kasallik yuqtirganlar koʻpmoqda. Hatto, mutaxassislarning taʼkidlashicha, qayerda, qanday yuqtirganini, kimdan yuqtirganini bilmaydiganlar ham bor. Infografikada niqob taqishning mohiyati, ahamiyati va samarasi aniq koʻrinib turibdi.

Aziz yurtdoshlarim, karantin  talablariga rioya qilishingizni soʻrayman. Bu oʻzingizning himoyangiz uchun, oilangizning salomatligi uchun  zarurligini anglaysiz, degan umiddaman.

Iltimos, niqob taqish tartibiga masʼuliyatli boʻling! Kasal boʻlmang! Bu masʼullik orqali yurtimizdan  pandemiya balosining chekinishiga, yurtimiz tinchligi, xalqimizning omonligi, xonadonlarimizning osoyishtaligiga  munosib hissa qoʻshgan boʻlasiz.

 Butun olamni  oʻrgimchak toʻridek qamrab olgan koronavirus balosining chekinishida butun dunyo ahliga, jumladan  elimizning har bir oilasiga tilakdoshman!

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  loyihasi asosida uyushtirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.