Koʻpchiligimiz roʻza ayyomida sevib isteʼmol qiladigan nisholdaning, inson salomatligiga, ayniqsa, oshqozonga foydasi katta. Roʻza tutgan inson uchun ushbu yengil hazm boʻluvchi shirinlik ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi, ichaklarni tozalaydi. Oshqozon yarasi kasalligi bor insonlar uchun juda foydalidir.
Ovqatdan keyin 2-3 qoshiq nisholda yesangiz, kimyoviy dorilardan koʻra koʻproq foyda beradi. Uning tarkibida yetmak degan oʻsimlik ildizi bor. U odamning oshqozoni va ichaklarini tozalaydi. Yosh bolalar yesa, shamollashining oldini oladi. Bundan tashqari nisholda tuxumning oqidan tayyorlangani tufayli oqsil moʻl boʻladi. Tuxum oqi yaʼni oqsilining 60 foyizi almashtirib boʻlmaydigan aminokislotalar, fermentlar va glikoproteidlardan iborat.
Tayyorlash usuli: sirli idishga 1 kg shakarga 300 ml suv solib, shakar eriguncha muntazam aralashtirib qiyom tayyorlanadi, soʻngra limon kislotasi qoʻshiladi va harorati 50-60 darajagacha sovitiladi.
Yetmak (beh) oʻsimligining ildizi tozalanadi va maydalab suvda qaynatiladi. Yetmak qaynab chiqqandan soʻng, suvni dokadan oʻtkazib, mis qozon yoki sirli kostryulkaga solib bir oz sovitiladi, buning ustiga tuxumnsh oqi qoʻshiladi va yogʻoch kurakcha bilan aralashtiriladi. Hosil boʻlgan oq koʻpikka oz ozdan qiyom quyiladi va yogʻoch kurakcha bilan uzoq ishlov beriladi. Taʼmini yaxshilash maqsadida qiyomga vanilin qoʻshiladi. Koʻpirtirishga 2 soat vaqt sarflanadi. Tayyor boʻlgan nisholdani sovitib, yana bir marotaba aralashtirasiz, shundan soʻnggina nisholda tayyor boʻladi.
Tayyor boʻlgan nisholdaning rangi oppoq boʻlib, maxsus yogʻoch kurakchani botirganda choʻzilib chiqadi. Nisholdaning 1 kg ini tayyorlash uchun 900 gr shakar, 10-12 tuxum oqi, 1 gr limon kislotasi, 0,1 gr vanilin kerak boʻladi.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.