Odam organizmiga rux (sink) moddasining foydasi

0
722
marta koʻrilgan.

Odam organizmida rux yaʼni sink moddasi tanqis boʻlsa avvalo sezish qobiliyatlari — koʻrish, hidlash, taʼm bilish izdan chiqadi. Bu esa oʻz navbatida ishtaha yoʻqolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapkoʻrlik kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin. Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga boʻlgan qiziqishning soʻnishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir. Soch toʻkilishi, tirnoqlarda oq dogʻlar paydo boʻlishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning moʻrt boʻlib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi ham rux yetishmasligi tufaylidir.

Homiladorlik davrida ham ruh katta ahamiyatga ega. Rux yetishmovchiligi 13-18 foiz hollarda homila va chaqaloqda gidrotsefaliya, tanglay nuqsoni, umurtqa egriligi, churralar hosil boʻlishi, yurak nuqsonlari va boshqa oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, rux yetishmaganda yangi hujayralar hosil boʻlishi kechikadi, shikastlangan hujayralar qayta tiklanmaydi. Yoshi katta odamlarda qarish tezlashadi, bolalar va oʻsmirlar organizmi yaxshi rivojlanmaydi.

Inson immunitetining holati shu mineralga bogʻliq. Shamollash va grippning dastlabki belgilari namoyon boʻlganda vitamin S bilan birga rux tavsiya etiladi. Vrachlar bemorlarga jarrohlik operatsiyasidan bir necha kun oldin va to tuzalib ketguncha rux preparatlarini buyurishadi. Oʻsmirlarga tarkibida rux koʻp boʻlgan oziq-ovqatlar tavsiya qilinadi. Chunki, bu mikroelement boʻy oʻsishi va vazn oshishini taʼminlovchi gormonlar ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Shu bois, boʻyning jadal oʻsishi va jinsiy balogʻatga yetishi davrida rux juda muhim hisoblanadi. Ruxning yana bir xususiyati mavjud. U antioksidant boʻlib, mushak xujayralarini jismoniy zoʻriqish vaqtida haddan ortiq kislorod sarf qilish tufayli paydo boʻladigan radikallar taʼsiridan himoya qiladi.

Sink qonda doimiy kislotali-ishqorli muhitni saqlaydi, toʻqima regeneratsiyasi uchun masʼ ul , insulin hosil boʻlishini va mushaklar qisqarishini boshqaradi, prostata va koʻpayish aʼzolari faoliyatini meʼyorlashtiradi, erkaklik xususiyatini va qonning yalligʻlanishga qarshi xususiyatini oshiradi.

Nega baʼzi odamlarda rux yetishmaydi? Maʼlum boʻlishicha, baʼzi sabablar tufayli rux organizmda yaxshi soʻrilmaydi. Masalan, shirinlik va shoʻr narsalarga oʻch kishilar bunday taomlar organizmda ruxning kamayishiga olib kelishini bilib qoʻyishlari lozim.

Erkaklarda spirtli ichimliklarni koʻp isteʼmol qilish, ayollarda homiladorlikdan saqlaydigan dorilarni tartibsiz qabul qilish koʻpincha organizmda rux yetishmasligini keltirib chiqarishi mumkin. Jigar sirrozida rux elementining yomon soʻrilishi, siydik bilan koʻp ajralishi yoki zaharli taʼsirlar natijasida qonda rux miqdori kamayishiga sabab boʻladi.

Kasallikning oldini olish uchun tarkibida rux elementi koʻp boʻlgan tabiiy neʼmatlar – meva-sabzavotlar, koʻkatlar, ziravorlar, dukkakli don mahsulotlari hamda ulardan tayyorlangan milliy taomlarni isteʼmol qilishga odatlanish kerak. Uzum va tut shinnisi, oʻrik va achchiq bodom danagi, qora mayiz, turshak, yongʻoq, kepakli non, sumalak, kartoshka, pomidor, noʻxat, sut va goʻsht mahsulotlari hamda tuxum sarigʻining tarkibida rux moddasi koʻp.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.