Yoz kunlari yaqinlashayapti. Uning oʻziga yarasha tashvishlari ham mavjud. Haddan ziyod oftob ostida yurish teri saratoniga uchrash ehtimolini oshiradi. Bunday paytda ultrabinafsha nurlardan himoyalanish, doimo soyabon bilan yurish kerak boʻladi. Biroq, bu nurlarning zarari teriga nisbatan koʻz qorachiqlariga tezroq taʼsir oʻtkazishi mumkin.
Ultrabinafsha nurlarning davomiy taʼsiri kataraktaning kelib chiqishiga, u esa oʻz navbatida koʻz nurlarini butunlay yoʻqolishiga sabab boʻladi. Teri saratoni yuzaga kelishi uchun ancha vaqt talab etilsa, koʻzlarga zarar yetkazishda ultrabinafsha nurlarining oz miqdori ham yetarli hisoblanadi. Shuning uchun koʻzlarimizni quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak bilan asrab-avaylash lozim. Quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak xarid qilishdan avval, vrach bilan maslahatlashish lozim. Ultrabinafsha nurlarga qarshi boʻlmagan koʻzoynak yohud linzalar koʻzlarga zarar yetkazishi mumkin. Bu ayniqsa, toʻq rangdagi linzalarga tegishli. Chunki, ular yorugʻlik nurini toʻxtatadi, qorachiqni kengaytiradi natijada nurining zararli taʼsiriga keng imkoniyat yaratadi.
Oftob urgan kishini soya-salqin, bahavo, odamlar koʻp toʻplanmagan, namlik darajasi yuqori boʻlmagan joyga olish lozim. Bemorni yuqoriga qaragan holda yotqizib, oyoqlarini bir oz koʻtarib qoʻyish, toza havo bilan taʼminlash kerak. Boʻyin va koʻkrak qafasini siqib turgan kiyimlardan xalos qilish darkor. Bemorga koʻp miqdorda yaxna ichimlik – bir oz miqdorda tuz va shakar qoʻshilgan mineral suv yoki qatiq, ayron ichirish tavsiya etiladi. Oftob urgan kishiga qatiq va ayronni bir necha kun davomida ichirish maqsadga muvofiq. Chunki, ayron, qatiq organizmni tiklovchi va sovutuvchi tabiiy ichimliklardan biri hisoblanadi. Issiqlab qolgan bemorning yuzini sovuq suv bilan yuvish, aʼzoi badanga qatiq surish, biror matoni hoʻllab, uning koʻkrak qafasiga qoʻyish, yana hoʻllangan mato bilan bemorning butun tanasini oʻrash yoki 18-20 darajali suvda choʻmiltirish ham yaxshi samara beradi.
Ayniqsa bolalarni asrang. Hovuzlarda muntazam choʻmilishini taʼminlang. Tong saharda va kechqurunlari toza havoda olib yuring. Chanqab qolishiga yoʻl qoʻymang. Yozda bola koʻp terlashini eʼtiborga olib, muntazam suyuqlik ichirib turing.
Shifokorlar oftob urgan kishilarga bir necha kun shifoxona sharoitida yotishni tavsiya qilishadi. Chunki, xasta odamning asab, qon aylanish va organizmdagi boshqa bir qator biokimyoviy reaksiyalarning tiklanishi uchun bir necha kun kerak boʻladi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi