Ona sutining afzalliklari

0
14027
marta koʻrilgan.

Onaning koʻkrak suti bola uchun malham! Ayniqsa, koʻzi yorigandan keyin kelgan dastlabki uch kunlik ona suti yanada shifobaxsh!  Ona sutini emib ulgʻaygan bola kasallikka kam chalinadi. Immuniteti mustahkam boʻladi.

Masalan, ona sutida uglevodlar koʻp. Ular tarkibiga sutni normal hazm boʻlishiga yordam beruvchi alohida moddalar(V-laktoza) kiradi. Uning tarkibidagi vitaminlar va mineral tuzlar oʻsuvchi organizm talabini toʻliq qondiradi. Unda kalsiy va fosfor yaxshi nisbatda boʻladi, shuning uchun koʻkrak suti emgan bolalar raxit xastaligi bilan kam kasallanadi.

Ayol sutida tuzlar, temir moddasi, mis, rux, kobalt va qon ishlab chiqarish jarayoniga taʼsir qiluvchi boshqa mikroelementlar yetarli miqdorda boʻladi. Buning natijasida koʻkrak suti emgan bolalarda sunʼiy ovqatlantiriladigan bolalarga qaraganda kamqonlik kasali kam uchraydi.

YUNISEFning taʼkidlashicha, planetamizda tugʻilayotgan har ikki nafar bolaning biri dunyoga kelishining dastlabki daqiqasidan-oq ona sutidan mahrum ekan. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, koʻkrak suti bilan oziqlanish darajasi 100 foizga koʻtarilsa, har yili dunyoda 5 yoshgacha boʻlgan 820 ming bola va 20 ming ayolning hayotini saqlab qolish mumkin ekan.

Har bir bola hech boʻlmaganda hayotining birinchi olti oyi davomida koʻkrak sutini emganida, aqliy qobiliyati oshishi hisobidan global iqtisodiyotga qoʻshimcha 300 milliard dollar daromad keltirgan boʻlar ekan. Afsuski, yangi tugʻilgan chaqaloqlarning 77 millioni hayotining birinchi soatlaridanoq ona sutini ololmayapti.

Yosh onalar bunga eʼtibor bering. Oʻzim bolalarimni uch yoshgacha emizdim.  Hozir kelinimga ham taʼkidlab turaman. U ham uch yoshgacha emizdi.  Buvijonlar zurriyotingiz sogʻlom boʻlsin desangiz, bu maslahatni kelin-u qizlaringizga taʼkidlashdan charchamang.

Dilbar Bekchanova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.