Ona yurt neʼmati: anorning shifobaxsh xususiyatlari

0
256
marta koʻrilgan.

Xalqimiz anorni mevalarning sultoni deya alqaydi. Mevaga sinchiklab qarasangiz toj kiydirilganga oʻxshaydi. Darhaqiqat, uning nafaqat  mevasi balki, poʻsti bilan birga daraxtning navdasi, poʻstlogʻi ham dorivor sifatida ishlatiladi.

Ona yurtimizning ushbu neʼmati  xalqimiz tomonidan sevib isʼtemol qilinadigan meva boʻlish bilan birga  qadimdan turli kasalliklarni  davolash maqsadida tabobatimizda  keng qoʻllanilgan. 

Anor poʻstlogʻi tarkibida alkaloidlar, oshlovchi moddalar, qatron, boʻyoq va boshqa birikmalar,  meva poʻstida ham koʻp miqdorda dorivor  va oshlovchi moddalar bor. Uning tarkibidagi alkaloidlar yigʻindisidan peltepin va boshqa alkaloidlar ajratib olinadi. Anor mevasi tarkibida esa organik kislotalar, 21foizgacha qandlar, vitamin S va boshqa birikmalar mavjud. Tibbiyotda ishdatish uchun meva poʻstlogʻidan tanin va meva sharbatidan limon kislota olinadi

Alloma Abu Ali ibn Sino anor poʻstini qon tupirganda, milk qonaganda, meʼda kasalliklari ( ich ketish, qon aralash ich ketish)da, siydik haydash, tish-milkni mustahkamlashda, yaralarni va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatgan.

Xalq tabobatida anor poʻstlogʻi, mevasi, meva poʻsti va guli istisqo (vodyanka), qoʻtir, yoʻtal, ich ketishi, dizenteriya, sariq kasalliklarida hamda qon toʻxtatuvchi, siydik  va gijja haydovchi dori sifatida ishlatiladi.

Anor sharbati singa kasalligida buyuriladi va ishtaha ochish uchun ham ichiladi.

Meva poʻstlogʻidan qaynatma tayyorlash uchun qopqoqli idishga bir stakan suvga bir choy qoshiq poʻstlogʻidan solib qaynatiladi va ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi. Meva poʻstlogʻining kukuniga saryogʻ yoki mol yogʻi bilan aralashtirib surtilsa, teridagi yiringli yaralarni tuzatishga yordam beradi. Meva poʻstlogʻidan tayyorlangan qaynatma esa ogʻiz boʻshligʻining yalligʻlanishida ham davo boʻladi.

Anor, olma, behi, limon, oshqovoq, nilufar va kashnichga teng miqdorda aralashtirilib qaynatiladi, uning quyuq sharbatiga asal qoʻshib isteʼmol qilinsa, safro qusish, koʻngil aynishi va tinka qurishidan shifo topish mumkin.

Xullas,  anor poʻstlogʻini tashlab yubormang. Anor poʻstidan damlama tayyorlash: Quritilgan anor poʻchogʻini koʻk choy bilan birga choynakka solib, qaynoq suv bilan damlang. Bu choyni kechasi uxlashdan oldin ichsangiz, tiniqib uxlaysiz. Anor poʻchogʻi qaynatilgan suv bilan ogʻiz chayqasangiz, tish ogʻrigʻi, milk yalligʻlanishi va shamollashidan xalos etadi. Chunki unda ogʻiz boʻshligʻidagi bakteriya va viruslarga qarshi kurashish xususiyati mavjud.  Bundan tashqari, bu qaynatmadan issiqligida tomogʻingizni gʻargʻara qilib, 2-3 osh qoshiq ichib yuborsangiz, tomoq ogʻrigʻi va nafas yoʻlidagi shamollashdan qutulasiz.

Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.