Maʼlumotlarga qaraganda, chekuvchilarda 30 yoshdan soʻng oʻpkaning toʻlaqonli ishlashida muammolar paydo boʻla boshlaydi. Bunga har bir inson salomatligining umumiy ahvoli va oʻziga xosligi, turmush tarzi, kundalik ovqatlanishi ham taʼsir qiladi.
AQSHdagi Merilend shtatining Baltimor shahrida joylashgan Jons Xopkins universitetida 2002 yilda 600 nafar koʻngillilarda ovqatlanish ratsionining inson oʻpkasiga taʼsiri oʻrganilgan edi. Unda oʻpkaning holati, ovqatlanish ratsioni va insonning kun davomida qancha chekishi tahlil qilingan. Ushbu tadqiqot yaqinda yana qaytadan oʻtkazildi.
Tadqiqotlar natijasida olimlar pomidor va koʻk olma isteʼmol qilish chekuvchilarga, ifloslangan havo sharoitida yashovchilarning oʻpka shikastlanishiga, yalligʻlanishiga qarshi kurashda yaxshi samara berishini aniqlashdi.
Olimlarning taʼkidlashicha, bir kunda 2-3 ta pomidor va 1 ta koʻk olma isteʼmol qilgan kishi oʻpka kasalliklariga kamroq duchor boʻlar ekan. Chekuvchilarga esa yanada samaraliroq taʼsir oʻtkazar ekan.
Umuman turli xil mevalarni isʼtemol qilib turish maqsadga muvofiqligini taʼkidlashadi olimlar.
Izoh oʻrnida: Ushbu universitet bilan hamkorlikda turli davrlarda tadqiqotlar olib borgan 36 nafar olim Nobel mukofotiga muyassar boʻlgan. Universitetning Xitoy va Italiyada ham oʻz filiallari mavjud.
Soliyjon BEKCHANOV, tibbiyot fanlari nomzodi