Oʻrikning foydali xususiyatlari

0
13575
marta koʻrilgan.

Oʻzbek xalqining eng sevimli neʼmatlaridan biri–oʻrikning ayni yetilib pishgan pallasi! U oʻzining betakror taʼmi bilan barchamizga xush yoqadi. Turshaki esa qishda ham  jonga darmon boʻladi. 

Ulugʻ alloma, tabib Abu Ali ibn Sino oʻrik mevasi va yelimidan oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilashda foydalangan. Mevasi kishiga darmon bagʻishlaydi, kamqonlikka davodir, deya taʼkidlagan. Tarkibidagi kaliy tuzlari yurak-qon tomir sistemasi kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarga shifo beradi. Oʻrik magʻzidan damlangan choyni xafaqonga tavsiya qilgan. Nafas yoʻllari yalligʻlanishi, koʻkyoʻtal, nefrit kasalligini tuzatishda ham magʻzidan foydalangan.

Oʻrik tarkibi

Sarhil oʻrik tarkibining 10,5 foizini shakar tashkil etadi. Bundan tashqari, unda yana inulin, olma, limon va uzum kislotalari, hamda organizmdan ortiqcha xolesterin va zaharli moddalarni chiqaruvchi kraxmal va pektin ham mavjud.

Uning  tarkibidagi  A vitamini, organizmning  yuqumli kasalliklarga qarshiligini oshiradi, terining tashqi holatini yaxshilaydi.

B vitamini, yurak-qon tomirlari tizimi bilan bogʻliq xastaliklarni davolashda muhim shifobaxsh xususiyatlarga ega.

S vitamini, organizmning umumiy qarshiligini oshirib, ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi. Ushbu vitaminning yetarli darajada boʻlishi koʻplab ogʻir yuqumli xastaliklarning oldini oladi.

Qolaversa, oʻrik mevasi juda koʻp mineral tuzlarga ega boʻlib, ularning odam organizmida kam miqdorda boʻlishi suyaklarning yemirilishiga olib keladi. Mineral tuzlar kishining asab tizimi va moddalar almashinuvida katta ahamiyatga ega.

 Oʻrikning foydali xususiyatlari

Oʻrik isteʼmol qilish kishining umumiy ahvoliga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yurak-qon tomir va oshqozon-ichak kasalligiga chalingan yoki ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilar mazkur mevaga koʻproq eʼtibor qaratishlari lozim.

Oʻrik mevasi gipovitaminoz yoki avitaminozda va kamqonlikda yaxshi yordam beradi. U, shuningdek, saraton xastaligida ham sogʻliqni mustahkamlaydi. Bu ajoyib, ishtaha ochuvchi meva organizmning turli xastaliklarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi va organizmning hayotiy muhim funksiyalarini qayta tiklaydi.

Semirishga qarshi oʻrik parhez mahsuloti sifatida yeyiladi. Butun dunyo diyetologlari oʻrik moddalar almashinuvi va ovqat hazm qilish jarayoni uchun foydali mahsulot degan fikrga kelgan.

Har kuni undan atigi 100 gramm tanovvul qilish orqali muntazam ich kelishiga erishish va ichaklardagi gazdan xalos boʻlish mumkin. Temir moddasiga boyligi tufayli uning 100 grammi 250 gramm jigarning oʻrnini bosadi.

Miyaning faolligi uchun magniy va fosforga boy ushbu mevani isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Uning tarkibidagi magniy yuqori qon bosimini pasaytirishda ham qoʻl keladi.

Turshak sharbati

Qadimda xalqimiz holdan toygan bemorlarga  sarxil oʻrik  sharbati tavsiya etishgan. Sarxil oʻrik sharbati mevaning oʻziga qaraganda yengil oʻzlashtiriladi.

Oʻrik sharbati homilador ayollar, qolaversa bolalar uchun juda foydali hisoblanadi. Chunki, u koʻp miqdordagi kalsiy tuzlari va temir moddasiga ega. 150 gramm oʻrik sharbati ichish orqali organizmning karotinga boʻlgan kunlik ehtiyojini qanoatlantirish mumkin.

Yangi uzilgan oʻrik mevalari boʻlmagan hollarda uning oʻrnini turshak ham bosa oladi. Kechqurun turshak ustidan qaynoq suv quyib  saharda ichilsa,  ich qotish(kolit) kasalidan forigʻ boʻladi. Koʻpgina kasalliklar ichning oʻz vaqtida surilmaganidan kelib chiqadi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.