Norvegiya Miya instituti olimlari miya uzoq vaqt davomida faol va yosh boʻlib qolishi uchun har kuni ikki osh qoshiq oʻsimlik yogʻini isteʼmol qilish kerakligini isbotladi.
Hamma gap qon tomirlarida (shu jumladan, bosh miyani oziqlantiruvchi mayda kapillyarlarda) xolesterin moddasining koʻpayishiga qarshi kurashishda yordam beradigan F vitamini va hujayra membranalari qurilishida qatnashuvchi olein kislotasida. U asab toʻqimalarining shikastlangan hujayralari yangilanishi va tiklanishiga yordam beradi,
yaʼni miya neyronlarining yosharishi uchun javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, oʻsimlik yogʻlari A va Ye vitaminlariga boy boʻlib, A vitaminiterining nafisligi, koʻrish qobiliyatining yaxshilanishi va immunitetni koʻtarish uchun juda zarur Ye vitamini esa antioksidant boʻlib, infeksiyalardan himoya qiladi.
Zaytun yogʻi. Ushbu yogʻning etiketkada koʻrsatiladigan kislotalilik darajasi qanchalik past boʻlsa (0,8%gacha), yogʻ shunchalik yuqori sifatli hisoblanadi. Zaytun yogʻini qadimgi Yunonistonda “suyuq oltin” deb atashgan. Unda olein kislotasi juda katta miqdorda boʻlib, yogʻ qizdirilganida kanserogenlarni deyarli hosil qilmaydi.
Kungaboqar yogʻi. Letsitin moddasining eng yaxshi manbai. Ushbu modda bolaning asab tizimi shakllanishiga yordam beradi, katta yoshda esa tafakkur faolligi va ravshanligini saqlaydi. Shuningdek, letsitin kamqonlikning oldini oladi, ruhiy osoyishtalikni taʼminlashga yordam beradi.
Makkajoʻxori yogʻi. U organizmdagi xolesterin almashinuvini juda yaxshi tartibga soladi. “Yomon” qattiq yogʻlarning parchalanishiga yordam beradi. Makkajoʻxori yogʻida fosfor hosilalari, yaʼni fosfatidlar boʻlib, ular miya uchun juda foydali hisoblanadi. Shuningdek, ushbu yogʻ tarkibidagi nikotin kislotasi (RR vitamini) yurak-qon tomirlarining faoliyatini yaxshilaydi.
Xantal yogʻi. Oʻzining bakteritsid xususiyatlari sababli nimaga qoʻshilgan boʻlsa, oʻsha mahsulotning uzoqroq saqlanishiga, yaralar va kuygan joylarning tezroq bitib ketishiga yordam beradi. Xantal yogʻi isituvchi va yumshatuvchi xususiyatlarga ham ega boʻlib, bronxit va anginalar paytida u bilan ingalyasiyalar qilish foydali. Biroq bu yogʻni ovqatga koʻp ishlatib boʻlmaydi. Oʻzining foydali xususiyatlariga qaramasdan, xantal yogʻi tarkibida organizmdagi ovqat hazm qilish fermentlari tomonidan parchalanmaydigan kislotalar mavjud.
Zigʻir yogʻi. Oʻsimlik yogʻlari orasida eng past kaloriyali boʻlgan zigʻir yogʻi ozish uchun moʻljallangan parhezlarda keng qoʻllaniladi. Jigardagi toksinlarni chiqarishga yordam beradi. Tarkibidagi Omega-3 kislotasi miqdori boʻyicha baliq moyini ortda qoldiradi. Zigʻir urugʻida nitratlarni yoʻq qiluvchi antioksidant mavjud.
Kunjut yogʻi. Tarkibidagi kalsiy moddasi boʻyicha yogʻlar orasida chempion hisoblanadi. Uni ayollar yogʻi ham deyishadi. Ushbu yogʻ, ayniqsa, homiladorlik davrida va gormonal oʻzgarishlar paytida juda foydali. Qalqonsimon bez va podagra (boʻgʻimlardagi zararli tuzlarni chiqaradi) kasalliklarida ahvolni yaxshilashga yordam beradi. Ammo kunjut qonning quyilish xususiyatini kuchaytiradi. Shu bois yurak kasalliklari va varikozga chalingan odamlar uni ehtiyotkorlik bilan isteʼmol qilishlari zarur.
Qovoq yogʻi. Rux moddasining ajoyib manbai. Ushbu modda esa erkaklarda testosteron gormonining ishlab chiqilishiga yordam beradi. Qovoq yogʻini zaytun yogʻi bilan aralashtirib, salatlarga qoʻshish mumkin. Biroq, bu yogʻda qovurish tavsiya etilmaydi – ovqatingiz kuyib ketishi va undan yoqimsiz hid kelib turishi mumkin. Bundan tashqari, qovoq yogʻida selen moddasi koʻp. Yilning sovuq davrida u immunitetni oshiradi.
Soya yogʻi. Uning ustun jihati — tarkibida letsitin koʻp boʻlib, u koʻz nurini ravshanlashtiradi va markaziy asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi.
Soya yogʻi kartoshka qovurish uchun juda qulay.
Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida uyushtirildi.