Maʼlumotlarga koʻra, yer yuzi aholisining besh foizi oʻt pufagida tosh borligidan qiynalar ekan. Oʻt pufagi xastaliklari erkaklarga qaraganda ayollarda ikki-uch baravar koʻproq kuzatiladi. Oʻt pufagi yalligʻlanishi, tosh yigʻilishi, oʻt dimlanishi, “qurt” paydo boʻlishi kabi kasalliklar qanday yuzaga keladi?
Oʻt pufagi haqida maʼlumot. U — ovqat hazm qilish tizimining muhim aʼzolaridan biri boʻlib, jigar chiqargan oʻt suyuqligini toʻplash va quyultirib berish vazifasini bajaradi. Ovqat isteʼmol qilganda oʻt qopidan ajralgan suyuqlik oʻn ikki barmoqli ichakka tomadi va ovqatdagi yogʻlarni parchalab, taom hazmida ishtirok etuvchi fermentlarni faollashtiradi. Organizmda taxminan 50-80 ml. oʻt va safro suyuqligi bor. Agar ovqat hazm qilishda muammo boʻlmasa, oʻt pufagi ham faol ishlaydi. Aks holda esa unda safro yaʼni zardob toʻplanib, tosh yigʻilishi hamda boshqa kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Oʻt pufagi shamollashi – xoletsistit. Oʻt pufagi yalligʻlanishi ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarining keng tarqalgan turlaridandir. Aksariyat hollarda vaqtida ovqatlanmaslik yoki haddan ziyod taom isteʼmol qilish natijasida oʻt hosil boʻlishi va oʻt haydalishining buzilishi va buning natijasida tosh yigʻilishi, surunkali qabziyat, turli infeksiyalar sabab yuzaga keladi. Yogʻli taomni xushlovchilarda esa xoletsistitga chalinish ehtimoli birmuncha yuqori. Xoletsistitda safro toʻplanib borib, oʻng biqin – qovurgʻa ostida simillagan ogʻriq kuzatiladi. Shuningdek, safro qusish holatlari ham boʻlishi mumkin.
Oʻt dimlanishi. Oʻt suyuqligi turib qolishiga oʻt qopining qisqaruvchanlik funksiyasi izdan chiqishi, bukilishi yaʼni oʻt yoʻllaridagi nuqsonlar – oʻtning «boʻyni» qiyshayishi, chandiqlar, ichki aʼzolarning oʻz oʻrnidan pastga tushishi, qabziyat, kamharakatlilik, kam ovqat isteʼmol qilish kabilar sabab boʻladi.
Ovqat hazm boʻlishi buzilganida jigar ajratayotgan suyuqlik oʻt pufakda toʻplanib, dimlanadi. Shuningdek, uyqu oldidan toʻyib ovqatlanish hamda harakatsizlik sababli taom hazm boʻlmay, oʻt suyuqligi dimlanishiga olib keladi. Bu holatda ogʻiz taxirlashishi yoki jigʻildon qaynashi kuzatiladi. Ushbu kasallik belgilar keyinchalik oʻt qopida tosh hosil boʻlishiga olib keladi. Ushbu dimlanish sabablarini bartaraf etishga harakat qilsangiz, oʻt dimlanmaydi. Oʻt dimlanishi qon bosimiga taʼsir etmaydi
Oʻt pufagidagi tosh. Oʻt pufagi aslida ham bukchaygan boʻlib turadi. Agar ortikcha bukchaysa, bu safroni qurib kolishiga olib keladi, bu esa safro ichidagi tuzlarni bir biriga yopishtiradi va qum hosil boʻladi, kumlar esa birlashib toshga aylanishadi. Agar toshga kalsiy moddasi qoʻshilsa bu toshni eritib boʻlmaydi va operativ yoʻl bilan oʻt qopi bilan birga olib tashlash kerak boʻladi.
Oʻtdagi toshlar bir necha millimetrdan tortib, bir necha santimetrgacha boʻladi. 1-2 mm kattalikdagi toshchalar oʻt oqimi bilan chiqib keta oladi. Undan kattalari turli noxushliklarga sabab boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Oʻt pufagidagi tosh UTT hamda rentgen vositasida aniqlanadi.
Oʻt pufakdagi suyuqlik bir necha tarkibdan iborat boʻlgani uchun. aʼzoda yuzaga keluvchi toshlar ham tarkib jihatidan bir-biridan farqlanadi. Masalan, xolesterindan, kalsiy tuz choʻkmasidan hamda bilirubin pigmentidan hosil boʻluvchi va aralash toshlar boʻlishi mumkin.. Biroq koʻp hollarda toshlar tarkibi aralash boʻladi va ularning oʻlchami 0,1 mm.dan 5 sm.gacha boʻlishi mumkin. Baʼzilarda tosh qoʻzgʻalmagunicha hech qanday bezovtalik sezilmaydi. Hatto ogʻriq ham boʻlmay, ahyon-ahyonda koʻngil aynishi, jigʻildon qaynashi yoki ogʻiz taxirlashishi mumkin. Tosh oʻt yoʻliga tomon harakatlanib, uni berkitib qoʻyganida oʻng qovurgʻa ostida sanchiqli ogʻriq yuzaga keladi. Soʻng ogʻriq – qorin, oʻng kurak, oʻng yelka, oʻmrov va kuraklararo sohaga tarqalib, bezovtalik kuchayadi.
Oʻt pufagi yalligʻlanganda oʻt suyuqligining kimyoviy tarkibi oʻzgaradi. Natijada bilirubin, xolesterin, kalsiy moddalari choʻkmalari koʻpayadi va aralash tarkibli toshlar paydo boʻla boshlaydi.
Shuningdek, moddalar almashinuvining izdan chiqishi, yuqumli xastaliklar va oʻt suyuqligi turib qolishi bilan bogʻliq omillar natijasida har qanday yoshda ham paydo boʻlishi mumkin. Asosan, jigar-oʻt yoʻllarida yoki oʻt pufagining oʻzida tosh hosil boʻladi. Shuningdek, oʻt toshi kasalligi, asosan, xolesterin ortishi bilan bogʻliq ateroskleroz, qandli diabet, semizlik kabi xastaliklarda kechishi aniqlangan. Oʻt suyuqligida xolesterin koʻpayishi, tosh paydo boʻlishi koʻpincha irsiyatga borib taqaladi. Qolaversa, notoʻgʻri ovqatlanish, homiladorlikdagi gormonal oʻzgarishlar ham oʻt toshlariga sabab boʻlishi mumkin.
Davolash – spazmolitiklar, parxez, koʻp piyoda yurish kerak. Aniqini bilish uchun vrach mutahassisga uchrab, tahlil qildirishdir.
Kasallik nega ayollarda koʻproq uchraydi? Ayol organizmida homiladorlik sabab almashinuv jarayonlari oʻzgarib turadi. Shu sabab ham oʻt pufagi kasallanishi yoki safro turib qolishi mumkin. Erkaklarda esa notoʻgʻri ovqatlanish va zararli mahsulotlar taʼsirida oʻt pufagi kasallanadi.
Tezkor tekshiruv
Oʻt pufagi faoliyatini baholashda dastlab shikoyatlaringiz oʻrganiladi. Buning uchun gastroenterolog shifokor koʻrigiga borasiz. Shifoxonada ultratovush tekshiruvi oʻtkazilib, zarurat boʻlsa, kompyuter tomografiyasi va kerakli tahlil xulosalari tayyorlanadi. Shunga koʻra, oʻt pufagidagi oʻzgarishlar, xususan, tosh boʻlsa, uning katta-kichikligi aniqlanib, zarur muolaja tayinlanadi. Tosh oʻlchami kichik, deb topilsa, uni eritib tushiruvchi dori preparatlari hamda parhez buyuriladi. Ogʻriq xurujlari hafta davomida ikki-uch bor qaytalansa, jarrohlik amaliyoti yordamida oʻt pufak tosh bilan birga olib tashlanadi. Negaki, mazkur aʼzo olib tashlanmasa, oshqozonosti bezining yalligʻlanishi – pankreatitga chalinish mumkin.
Oʻt pufagisiz ham yashash mumkin! Oʻt pufagida tosh yigʻilib, oʻt yoʻllariga tiqilib qolsa, jarrohlik yoʻli bilan aʼzoning oʻzi ham olib tashlanadi. Chunki tosh olinib, oʻt pufagi qoldirilsa, oʻsha yerga yana tosh yigʻilishi ehtimoli mavjud. Xavotirlanmang, oʻt pufagi yoʻqligini organizm oʻz-oʻzini qayta tiklash funksiyasi orqali bilintirmaydi. Biroq oʻt pufagingiz olib tashlansa, olti oy mobaynida qatʼiy parhezga rioya etib, undan soʻng ham parhezbop mahsulotlarni oz-ozdan, tez-tez tanovvul qilishga odatlanishingiz kerak. Qolaversa, toʻyib ovqatlanmaslik, uyqu oldidan taomlanish ham tavsiya etilmaydi.
“Yuvdirish” muolajasi. Oʻt pufakda turli choʻkmalar hosil boʻlib, bezovtalik kuchayishi, yeyilgan ovqat hazm boʻlmay, oshqozonda turib qolishi shuningdek, ushbu aʼzoda lyambliya mavjud boʻlishi yuvdirish muolajasini talab qiladi. Mazkur amaliyot shifokor koʻrsatmasi bilan bajarilib, oʻt pufagida tosh boʻlmagan taqdirdagina qilinishi mumkin. Bir martalik muolajadan soʻng uni takrorlash shart emas.
Profilaktika uchun makkajoʻxori popugi, naʼmatak hamda safro haydovchi damlamalardan ichib turish mumkin.
“Qurtlab” ketsa. Koʻpincha, terining oqarib qolishi, tez-tez qichinish, shamollaganda qorin sohasidagi simillagan ogʻriq yoki soch toʻkilishi kabi holatlarda tahlil oʻtkazilsa, organizmda parazitlar borligi aniqlanishi mumkin. Oʻt pufagida, asosan, lyambliya parazitlari uchraydi. Davolash uchun kerakli tibbiy tekshiruv oʻtkazilib, shunga koʻra, muolaja (oʻt pufagini yuvish, parazitlarga qarshi zarur preparatlar ichish)lar buyuriladi.
Yodda tuting: agar oila aʼzolaringizdan birida ushbu holat aniqlansa, parazitlarga qarshi muolaja qolganlarda ham oʻtkazilishi kerak.
Xastalikni davolashga yetkazgandan koʻra oldini olgan afzal. Hech birimiz oʻt pufagi kasalliklaridan himoyalangan emasmiz. Shunday ekan, avvalo, toʻgʻri ovqatlanish tartibiga amal qilishni oʻrganaylik. Masalan, mayonez, margarin, sariyogʻ, yogʻli sut mahsulotlari, yogʻli goʻsht, bugʻdoy unidan tayyorlangan non kabilar taomnomangizda imkon qadar kamroq boʻlgani maʼqul. Shuningdek, koʻp qovurilgan, dudlangan, konservalangan yeguliklar, gazli ichimliklar va achchiq qahvaning ham meʼyorini unutmang.
Jismoniy mashqlarning ham ahamiyati katta. Bir kunda 15-20 daqiqalik jismoniy mashqlar bilan shugʻullaning. Kuni bilan oʻtirib ishlaydiganlardan boʻlsangiz, har bir-ikki soat oraligʻida oyoq chigilini yozib, yengil mashqlarni bajarib turing.
Sogʻlom ovqatlanishga rioya qiling! Oʻt pufagi kasalliklari hamda uning oldini olish uchun quyidagi mahsulotlarni koʻproq isteʼmol qiling: sarxil meva va sabzavotlar, barra koʻkatlar, yogʻsiz sut-qatiq, tvorog, yirik tortilgan undan tayyorlangan non va shirinliklar, turli yormalar, baliq va dengiz mahsulotlari, yogʻsiz goʻsht. Agar oʻt pufagi parhezida boʻlsangiz, luqmani oz-ozdan va yaxshilab chaynab yeyishga harakat qiling. Toʻyib ovqatlanishdan saqlaning. Shifokor tavsiyasiga koʻra, oʻt-safro haydovchi damlamalardan ichib tursangiz ham boʻladi.
Yorilib ketishi mumkin! Ayrim hollarda oʻng qovurgʻa ostida paydo boʻlgan ogʻriqni yengillashtiraman, deb issiq grelka qoʻyib yoki badanni isituvchi surtmalar surtib, davolamoqchi boʻlamiz. Ammo bu mutlaqo notoʻgʻri! Shuningdek, toshni maydalab tushiradigan damlamalaru oʻt pufagini tozalaydigan choylarga ham ishonmang. Ogʻriq xuruj qilganida ogʻriqsizlantiruvchi dorilar kor qilmaydi. Xullas, oʻzibilarmonlik qilib, “davolanish” oʻt pufagining yorilishiga olib kelishi mumkin. Yaxshisi, oʻz vaqtida shifokorga uchrab, kerakli muolajalarni oling.
Kartoshka sharbati, xom tuxum. Oʻt pufagidagi muammo sabab jigʻildon qaynashi bezovta qilaversa, kimdir isteʼmol sodasi aralashtirilgan suv, kartoshka sharbatini ichish yoki xom tuxum yutishni maslahat beradi. Bu usullar vaqtinchalik ahvolingizni yengillashtirishi mumkin. Biroq kasallikni davolamaydi! Qolaversa, bilib-bilmay qoʻllangan tadbir organizmning boshqa aʼzolariga ziyon yetkazishi ham mumkin.
Davolash usulini oʻzingiz tanlang. Tibbiyotda oʻt toshi kasalligini davolashning bir necha usullari mavjud: medikamentoz litoliz — dori-preparatlar yordamida eritish; masofadan yuboriladigan ultratovushli litotripsiya; lazer yordamida toshni maydalab tushirish; kimyoviy litoliz usuli; laparoskopik yoki endoskopik usulda oʻt qopini olib tashlash; sohani kesib, oʻtni olib tashlashga asoslangan ochiq jarrohlik usuli.
Oʻt toshini davolashda kasallikning ilk bosqichida, yaʼni oʻt shilligʻi quyuqlashib, tosh hosil boʻlishiga moyillik oshganda oʻtni suyultiradigan dori-darmonlar, mineral suv ichish, koʻproq harakat qilish tavsiya qilinadi. Medikamentoz usulda davolash oʻt toshlarini maxsus dori preparatlar yordamida eritib tushirishga asoslanadi. U oʻt qopida qum yoki mayda toshchalar boʻlganda qoʻllaniladi.
Ekstrokorporal zarbli-toʻlqinli litotripsiya usulda esa oʻt qopidagi 3 sm gacha boʻlgan xolesterinli toshlar ultratovush toʻlqini yordamida ogʻriqsiz maydalab tushiriladi. Bu usul kalsiydan hosil boʻlgan toshlarda yordam bermaydi. Amaliyot ultratovush uskunasi yordamida nazorat qilinadi.
Lazer yordamida davolashda qorin sohasidagi kichik teshik orqali lazer nuri yuboriladi va toshlar maydalanadi. Amaliyot uzogʻi bilan 20 daqiqa davom etadi.
Kontaktli kimyoviy litoliz usuli yordamida har xil tarkibli va turdagi katta-kichik toshlarni eritish mumkin. Bunda UTT nazorati ostida bemorning terisi orqali oʻt pufagiga ingichka naycha kiritiladi va toshlarni eritadigan maxsus dori yuboriladi. Bu usul 90 foiz holatda yaxshi samara beradi. Laparoskopiya usuli kam aziyatli usul boʻlib, bugun oʻt toshi kasalligini davolashning eng qulay usuli sanaladi. Endoskopik jarrohlik usuli esa qancha erta bosqichda bajarilsa, natija shuncha yaxshi boʻladi.
Shunisi borki, toshlarni eritish borasidagi urinishlar doim ham kutilgan natijani bermaydi. Ochiq jarrohlik usuli (xoletsistektomiya). Bu anʼanaviy jarrohlik usuli boʻlib, qorin sohasini 10-15 sm kesish yordamida oʻt pufagini olib tashlashga asoslanadi. Bu usulda infeksiyalardan zararlanish xavfi koʻproq boʻlgani uchun faqat oʻt pufagi kuchli yalligʻlanganda yoki unda katta oʻlchamli toshlar boʻlganda, kuchli ogʻriqlar bezovta qilganda amalga oshiriladi. Operatsiyadan keyin bemor oʻzini tiklashi uchun 1-2 oy vaqt kerak boʻladi.
Maʼlumki, oʻtida toshi bor bemorlarning aksariyati operatsiya qildirishdan qoʻrqishadi. Albatta, bu tosh ortiqcha bezovta qilmasa, uni operatsiya qilish shart emas. Ayrim hollarda oʻtdagi tosh inson umrining oxirigacha ham aziyat bermay turaveradi. Agar oʻtda kichikroq toshchalar borligi aniqlansa, kishi tana vaznini kamaytirishga harakat qilsa, endokrin tizimi hamda yalligʻlanish bilan bogʻliq kasalliklarni oʻz vaqtida davolatsa, bundan tashqari, parhez saqlab, meʼyorida jismoniy mashqlar qilib yursa, oʻtdagi tosh bezovta qilmaydi.
Tosh kattaroq boʻlganda, oʻng qovurgʻa ostida ogʻriq sezilsa, shifokor bilan maslahatlashgan holda ogʻriq qoldiruvchi dorilar ichgan maʼqul. Agar 4-6 soat ichida ham ogʻriq toʻxtamasa, jarrohga murojaat qilish darkor.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach