Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida dolzarb mavzularga bagʻishlangan matbuot anjumanlari oʻtkazish anʼanaga aylandi. Navbatdagi tadbir “Oʻzbekistonda papilloma virusiga qarshi yangi vaksinaning tatbiq etilishi: maqsad va kutilayotgan natijalar” mavzusiga bagʻishlandi.
Unda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili Oʻzbekistonda 1660 nafar ayol bachadon boʻyni saratoni kasalligiga chalinmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova. – Mamlakatikamiz miqyosida mazkur kasallik tufayli vafot etganlar soni oʻtgan davr mobaynida oʻrtacha yiliga 585 tani tashkil etmoqda. Yaʼni har kuni deyarli ikki oʻzbekistonlik bachadon boʻyni saratonidan vafot etmoqda. Ushbu kasallikni odam papillomasi virusi keltirib chiqaradi”.
Mutasaddilar ushbu virusga qarshi emlash amaliyoti Avstraliya, Shotlandiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda uzoq yillardan beri qoʻllab kelinayotganini aytdi.
Oʻzbekistonda ham 2010 yilda bir necha viloyatlarda 8 ming nafar qiz shu vaksina bilan emlangan. Emlashning hech qanday nojoʻya taʼsiri yoki asorati kuzatilmagan.
“Odam papillomasi virusiga qarshi emlash mutlaqo xavfsiz, bu vaksina inson salomatligiga zarar yetkazmaydi, xalqaro tashkilotlarning ijobiy xulosalari bor, – dedi Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Dilorom Tursunova. – Bu vaksina bepushtlikni keltirib chiqarishi, autizmga olib kelishi haqida odamlar orasida tarqalayotgan har xil gap-soʻzlar asossiz, notoʻgʻri maʼlumotlardir”.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyevning bildirishicha, vaksina AQSHda ishlab chiqarilgan. Gen muhandislik texnologiyalari yordamida tayyorlangan mazkur vaksina 7 mln AQSH dollari evaziga Oʻzbekistonga olib kelinmoqda.
2019 yilning oktyabr oyida 9 yoshdagi 400 ming nafar qiz OPVga qarshi emlanadi. Emlash bepul boʻlib, kelasi yil aprel oyida takroran oʻtkaziladi.
2020 yildan 14 yoshgacha boʻlgan qizlar OPVga qarshi emlanadi. 14 yoshdan katta boʻlgan xotin-qizlar toʻlov evaziga ushbu vaksina bilan emlanishi mumkin. Vaksina 45 yoshgacha boʻlgan ayollarda qoʻllanilishi mumkin.
Anjumanda maʼlum qilinishicha, tibbiyot xodimlariga yangi vaksinadan toʻgʻri va xavfsiz foydalanishni oʻrgatish maqsadida maxsus oʻquv kurslari tashkil etiladi.