Soʻnggi bir haftada Oʻzbekistonga dunyoning 12 davlatidan 12 mingdan ziyod yoʻlovchi kirib kelgan boʻlsa, shulardan 21 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabariga asoslanib, Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Kompaniya 2020 yil 25 dekabrdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 55-sonli bayoniga muvofiq, mamlakatga kirib kelayotgan barcha shaxslarning oʻz hisobidan chegara punkti hududida koronavirus antigenini aniqlash uchun ekspress test olish tartibi joriy qilinganini eslatgan.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroportida ekspress test olish jarayonlarini ikki tomonlama imzolangan shartnomaga asosan “Tibbiyot dunyosi” MCHJ amalga oshirmoqda. Ekspress test narxlari mazkur tashkilot oʻrnatgan tariflarga binoan 25-28 dekabrga qadar 150 ming soʻmdan, 28 dekabrdan to bugungacha 95 ming soʻm, talabalar uchun 50 ming soʻm miqdorida belgilangan.
“Maxsus komissiya koʻrsatmasiga koʻra, aeroportdan uchib ketish vaqtida PZR testi olinadi, Oʻzbekistonga uchib kelinganda ekspress test olinadi. Tahlil natijalari 10 daqiqa mobaynida pasportlarga shtrix kodlarini qoʻyish orqali maʼlum qilinadi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Virus aniqlangan holatda SES mutaxassislari tomonidan fuqarolar tegishli hududda joylashgan koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan muassasalarga joylashtiriladi yoki uy sharoitida davolanishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonga koronavirus va yangi shtammining kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish yuzasidan koʻrilayotgan ushbu chora-tadbirlarda PZR-testining manfiy natijasi toʻgʻrisida yoʻlovchilarda tahlil natijalari mavjudligidan qatʼiy nazar ulardan tegishli tartibda majburiy ekspress test olinishi belgilab qoʻyildi.
Koʻp oʻrinli samolyotlar (jumladan 260 oʻrinli havo kemasi)dagi yoʻlovchilarni kutib olishda tirbandlikning oldini olish maqsadida yoʻlovchilar oqimini terminalning 3 ta joyidagi test olish tibbiyot qismlariga yoʻnaltirish tashkil qilingan.
Fuqarolarning parvozdan bir necha kun avvaldan PZR-testini topshirish boʻyicha buyurtma berishlari ham mumkin.
Qayd etilishicha, aeroportning birgina uchib kelish zalida 4 ta bankomat va 2 ta valyuta ayirboshlash shoxobchalari mavjud boʻlib, ularning muntazam faoliyat olib borishi taʼminlangani sabab, pul ayirboshlashda muammo kuzatilmaydi.