Qadimiy Xorazmning milliy taomlari

0
5413
marta koʻrilgan.
 
Oʻzbek milliy taomlarini tayyorlanish jarayoni va ovqatlanish madaniyati juda uzoq tarixga ega va xalqning koʻp yillik tajribasiga asoslanadi. Urf-odat va anʼanalar hududning iqlim sharoitidan va mahalliy aholining turmush tarzidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Har bir hudud aholisi milliy taomlar tayyorlash borasida oʻz uslubiga ega.
 

Ayniqsa Xorazm viloyati oʻzining taomlari va ularni tayyorlashning maxsus uslubi bilan mashhur. Har bir taom oʻzining maxsus taʼmiga ega.  “Xorazm palovi”, “Tuxum barak”, “Ushoq barak”, “Shivit oshi”, qovurilgan baliq va hatto noni ham oʻzgacha. Xorazm milliy taomlari Oʻzbekistonning boshqa hududlarida tayyorlanadigan taomlardan farq qiladi.

ShIVIT OSHI.  Xorazmcha lagʻmon, yashil lagʻmon nomlari bilan dunyo taomnomasiga kiritilgan bu neʼmat yozning jazirama kunlaridagi eng tansiq ovqatlardan biri hisoblanadi. Shivit oshi oʻzining yashilligi va darmondorilarga boyligi bilan boshqa shu turdagi ovqatlardan farq qiladi. 

Shu oʻrinda taomning oʻziga xosligini taʼminlovchi shivit haqida toʻxtalib oʻtsak! Bu oʻsimlik tarkibida temir, kalsiy, karotin, efir moyi, flavonoidlar, A, V1, V2, RR vitaminlari, fitonsitlar, mineral tuzlar va boshqa moddalar mavjud. U kletchatkaga boy boʻlgani bois ichaklarni tozalaydi. Shuning uchun ham goʻshtli taomlarga shivit qoʻshiladi. U hazm qilishga yordam beradi va hazm boʻlmagan taomlar qoldigʻini tanadan chiqarib tashlaydi. Qadimdan tabobatda tinchlantiruvchi, el, siydik haydovchi, yoʻtal va yalligʻlanishga qarshi, emizikli onalar sutini koʻpaytiruvchi vosita sifatida tavsiya etilgan.

Zamonaviy tibbiyotda shivit oʻtining damlamasi qon bosimini tushiruvchi, yurak – qon tomirlarini kengaytiruvchi xususiyatga ega ekanligi ilmiy tadqiqotlarda isbotlangan. Shivitdan koʻkat sifatida foydalanilganda meʼda shirasi ajralishi, oʻt haydalishi yaxshilanadi.

 Xamirli ovqat isʼtemol qilishi mumkin boʻlmagan bemorlarga ham  ushbu taomni kam-kam berish mumkin. Albatta bemor meyorni unitmasligi kerak.

Shivit oshi uchun kerakli masalliqlar:

Qaylasiga: 500 gr goʻsht, 2 bosh piyoz, 2 ta qizil qalampir,  2 ta koʻk qalampir, 2 ta kartoshka, 2 boʻlak sarimsoqpiyoz, 1 ta kattaroq pomidor

Xamiriga: 1 ta tuxum,  200 gr suv,  300 gr un, 100 gr yangi uzilgan shivit

Sharbatiga: 100 gr qatiq, 100 gr smetana,  ozroq tuz

Oldin xamir tayyorlanadi. Buning uchun shivit yaxshilab yuvilib, goʻsht maydalagichdan chiqariladi va ustidan bir piyola suv quyiladi. Yoki shivitni mayda qilib toʻgʻrab, ustiga suv quyib blendr yordamida aralashtirish ham mumkin. Tayyor aralashmaga tuxum, tuz va un solinib xamir qoriladi. U yashil tus oladi. Uni 20-30 daqiqa tindirib qoʻyilgach, ugra qalinligida yoyiladi. Yoyilgan xamir rulet qilinib, 1 sm kattalikda kesiladi va qaynab turgan shoʻr suvda 2-3 daqiqa qaynatib olinib, ustidan sovuq suv oʻtiriladi. Alohida idishga qatiq, qaymoq(yogʻsizi yaʼni smetana) va ozroq tuz solib yaxshilab aralashtiriladi. Hosil boʻlgan sharbat- aralashma ustiga pishib chiqqan “yashil lagʻmon”ni yaʼni “yashil ugra”ni solib aralashtiramiz.

Shivit oshining qaylasini ham har xil tayyorlash mumkin. Biz sizga Xorazmda eng koʻp qoʻllaniladigan uslubni tavsiya qilmoqdamiz.

Goʻsht maydaroq va piyoz odatdagiday yarim oy shaklida, kartoshka, qizil hamda yashil qalampirlar esa toʻrt burchak shaklida toʻgʻraladi. Pomidor qirgʻichdan oʻtkaziladi. Sarimsoqpiyoz maydalanadi. Qozonga oldin goʻsht solinadiu pishgach piyoz, ustidan pomidor solinadi. Birozdan soʻng kartoshka, sal oʻtib qalampir, sarimsoqpiyoz va ziravorlar solinib, kartoshka pishgunicha dimlab qoʻyiladi. Har bir masalliqdan keyin ozroq tuz solib turishni unutmang.

Qayla tayyor boʻlgach, laganga oldin lagʻmon yaʼni ugra solinadi, usti qayla bilan bezatilib, dasturxonga tortiladi.

USHOQ BARAK. Xorazm taomlari orasida ushoq barak alohida oʻrin tutadi, tantanalarga, aziz mehmonlarga ham atab pishiriladi. Bu taom ruslarda pelmen, Oʻzbekistonning boshqa viloyatlarida chuchvara nomi bilan mashhur. Ammo ushoq barak tayyorlanish usuli bilan yuqoridagi taomlardan ajralib turadi. Nomidan ham maʼlumki, ushoq barak juda mayda, bosh barmoqdek tugiladi. Ayni shu jihati bilan rus pelmenidan farq qiladi. 

Ushoq barak odatda, chopqida chopilgan qiymadan (Xorazmchasiga “ijjon”dan) tayyorlanadi. Vohada taomning qatiqli barak va shoʻrva barak deb nomlanuvchi ikki turi mashhur. Qatiqli barak turida barakchalar suvda qaynatib olinib, choʻlpida(chovlida) turgan joyida ustidan sovuq suv oʻtkaziladi. Soʻng qatiqqa aralashtirib, sovuq holda isteʼmol qilinadi. Shoʻrva barakda esa alohida idishda suyakli goʻsht yoki suyakning oʻzidan qaynatma shoʻrva qilinib, suvda qaynatib olingan baraklar ustiga shu shoʻrvadan solinadi yoki baraklar oldindan tayyorlangan qaynatma shoʻrvada pishiriladi.

Ushoq barak tayyorlash uchun kerakli masalliqlar:

Xamiriga: 500 gr un, 1 ta tuxum, 100 gr suv, tuz

Qiymasiga: 500 gr yogʻli goʻsht (mol yoki qoʻy), 3-4 dona oʻrtacha piyoz, tuz, ziravorlar, 3-4 qoshiq oʻsimlik yogʻi

Tayyorlanishi:

Idishga oldin tuxum, suv, tuz, soʻngra un solinib xamir qilinadi. Xamir shoʻrroq va qattiqroq, ayni paytda choʻziluvchan boʻlgani maʼqul. Soʻngra uni zuvala qilib, sochiq yoki salafan paket bilan yopib 20-30 minutga tindirib qoʻyiladi.

Xamir tingunicha qiyma tayyorlanadi. Qiyma tayyorlash uchun goʻsht oʻrtacha kattalikdagi boʻlaklarga boʻlinadi. Soʻngra 4-5 boʻlagi chopqiga qoʻyib chopiladi. Goʻsht sal maydalangach, yana 2-3 boʻlagi solinadi va maydalash jarayoni shu yoʻsinda davom qildiriladi. Maydalash davomida qiymaga oz miqdorda namakob solib turiladi. Shundan soʻng piyoz ham goʻshtga qoʻshib chopiladi. Bu jarayon 10-15 minut davom qildiriladi.

Agar sizda vaqt kam boʻlsa goʻsht va piyozni goʻsht maydalagichdan chiqarishingiz ham mumkin. Maydalangan goʻsht va piyoz idishga solinib, taʼbga koʻra tuz va ziravorlar qoʻshiladi. 3-4 osh qoshiq oʻsimlik yogʻi ham qiymaga aralashtiriladi.

Shundan soʻng xamir yoyilib, 3x3 sm kattalikda kesib chiqiladi. Ichiga qiyma solinib, baraklar tugiladi. Tugilgan baraklar qaynab turgan tuzli suvga solinib, suv yuzasiga chiqqunicha qaynatiladi.

Yuqorida aytilganidek, tayyor baraklar qatiq yoki qaynatma shoʻrva bilan aralashtirib dasturxonga tortiladi.

Shoira Bekchanova, vrach

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.