Qalampirmunchoq boy kimyoviy tarkibga ega

0
1090
marta koʻrilgan.

Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino qalampirmunchoq toʻgʻrisida shunday degan: «Uning yaxshisi quruq, chuchuk mazali va oʻtkir hidlisidir. Ogʻiz hidini yoqimli qiladi, koʻzni oʻtkirlashtiradi, meʼda va jigarni kuchaytiradi, qusish va koʻngil ayniganga foyda qiladi…» Shuning uchun uni momolarimiz koʻylaklariga ham bezak ham shifo sifatida osib yurishgan.

Qalampirmunchoq boy kimyoviy tarkibga ega boʻlib, uning gʻunchasida juda yuqori miqdorda, yaʼni vazniga nisbatan 20 foiz koʻp evginol efir moyi mavjud. Bundan tashqari, qalampirmunchoq tarkibida oleanol kislotasi, glikozidlar, karifillen, gumulen, oshlovchi va tarkibida yogʻ boʻlgan moddalar, V1, A, RR, V2, S vitaminlari mavjud. Shuningdek, bu ziravor oʻzida kalsiy, magniy, fosfor, natriy va temir moddalarini mujassam qilgan. Qalampirmunchoq juda mashhur ziravor boʻlib, uning quritilgan gʻunchalaridan foydalaniladi.

Qalampirmunchoq antiseptik, ogʻriq qoldiruvchi, yel va gijja haydovchi, tomir kengaytiruvchi, tirishib-tortishib qolishga qarshi, ovqat hazm qilish, balgʻam koʻchirish, peshob haydash, ter bakteriyalarini oʻldiruvchi hamda mikroblarga qarshi kurashuvchi taʼsir kuchiga ega vosita boʻlib, garchi ayrim mamlakatlar oshxonasida ziravor sifatida ishlatilsa-da, shifobaxshligi tufayli zamonaviy tibbiyot va xalq tabobatida keng qoʻllaniladi.

Undagi efir moyi asab tizimini tinchlantirib, stress holatini yoʻqotadi, nevrozni davolaydi va qon aylanishini yaxshilaydi. Shuningdek, terini tiklash va yumshatish xususiyatlariga ega.

Stomatologiyada u tish kasalliklarida. tengsiz muolaja vositasi sanaladi. U zararlangan ogʻiz shilliq pardasi, kariyes, parodontoz, pulpitda yalligʻlanishni yoʻqotadi. Qadimda qalampirmunchoqdan tayyorlangan kukunni milklarga ishqash yoki shunchaki quritilgan gʻunchasini chaynash yordamida tish ogʻrigʻi bartaraf etilgan. Qalampirmunchoq moyi esa yiringli tish ogʻrigʻida juda foydali malham sanaladi. U ogʻriqni kamaytirish bilan birga infeksiya tarqalib ketishining oldini oladi.

Balgʻam koʻchiruvchi vosita. 5-6 dona qalampirmunchoqni 30 ml suvda qaynatib, kuniga uch mahal asal bilan birga balgʻam koʻchiruvchi vosita sifatida foydalanish mumkin.

Shamollash va tumovda 6-7 dona qalampirmunchoqni 15 g arpabodiyon urugʻi bilan yarim litr suvda toʻrtdan bir qismi qolguncha qaynatiladi. Bunday qaynatma shakar bilan birga shamollash va tumovda juda samarali vosita sanaladi.

Yoʻtalda osh tuzi bilan chaynash yoʻtalni bartaraf etadi. tomogʻingiz ham shamollagan boʻlsa, qovurilgan qalampirmunchoqni chaynang. Shuningdek, halqumdagi yalligʻlanish (faringit) jarayonini toʻxtatishda ham ajoyib vosita sanaladi.

 Astmani davolash uchun 2 dona qalampirmunchoq, 12-15 dona rayxon urugʻi, 10 dona murch donachalarini 15 daqiqa davomida qaynatib, ikki choy qoshiq asal va sut bilan ichish kerak.

 Gastroenterologiyada qalampirmunchoq angina va hiqichoq tutishini davolashda tengi yoʻq vosita. Buning uchun 200 ml sutni qaynatib, unga 5 dona qalampirmunchoqning maydalangan kukunini qoʻshamiz. Qaynatmani issiqligicha ogʻizda biroz ushlagan holda mayda-mayda hoʻplab ichish lozim.

Hazm jarayonini yaxshilash uchun ovqatlanishdan bir necha daqiqa oldin bir choy qoshiq asalga bir chimdim maydalangan qalampirmunchoq qoʻshib isteʼmol qilish kerak.

Koʻngil aynishi va qayt qilishni toʻxtatish uchun qalampirmunchoq kukuni va asalni aralashtirib, pasta tayyorlash lozim.

Travmatologiyada Artrit va artrozda bir necha tomchi qalampirmunchoq moyini massaj vositasiga qoʻshib ishlatish samarali taʼsir koʻrsatadi. Bitishi qiyni boʻlayotgan yaralar va chipqonni ham qalampirmunchoq moyini malham sifatida zararlangan joyga bevosita qoʻyish orqali davolash mumkin.

Boʻgʻimlar ogʻrigʻi va mushaklar spazmida qalampirmunchoq va xantal moyining bir necha tomchisini aralashtirib ichish juda yaxshi foyda beradi. Ginekologiyada u toʻlgʻoq vaqtida samarali yordam beradi. Shuningdek, qalampirmunchoqdan bachadon tonusini koʻtarish va hayz jarayonini meʼyorlashtirishda foydalanish mumkin.

Sil kasali (tuberkulyoz)da roʻy beradigan notekis yoʻtal, bronxit va astmani davolash uchun qalampirmunchoq moyi va sarimsoq qoʻshilgan asalni aralashtirib, har kuni uyqudan oldin isteʼmol qilish kerak.

Govmichchani davolashda qalampirmunchoqni suvda qaynatib, zararlangan joyga bosiladi.

Ogʻizdan yoqimsiz hid kelganda ham qalampirmunchoq chaynash juda yaxshi samara beradi.

Qalampirmunchoqli choy. Qaynagan suvga 3-4 dona qalampirmunchoq kurtagi solinib, 5-10 daqiqa damlab qoʻyiladi. Ushbu xushboʻy va mazali choy shilliq pardalarni tozalab, quvvatni oshiradi va bardamlashtiradi.

Eslatma. Qalampirmunchoq 2 yoshgacha boʻlgan bolalarga, gipertoniyadan aziyat chekayotganlarga va homilador ayollarga toʻgʻri kelmaydi. Yuqori kislotali gastrit, oshqozon yarasi, shuningdek, madorsizlik va zoʻriqishda ham qalampirmunchoqdan foydalanmagan maʼqul.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.