Kipriklar goʻzalligini asrash borasida olti maslahat

0
1119
marta koʻrilgan.

 

Toʻyimdan avval goʻzallik salonida kiprik ulatgandim.Natijadan koʻnglim toʻldi, biroq ikki oy oʻtganidan keyin sunʼiy kipriklarim toʻkilib tusha boshladi. Ular yakkam-dukkam koʻrinishga kela boshlagach, olib tashlashimga toʻgʻri keldi. Biroq endi boshqa muammo qiynayapti, oʻzimning kipriklarim avvalgidan ham zaif va siyrak boʻlib qolgan. Ularni hech boʻlmaganda dastlabki holiga qaytarishni istayman. Buning uchun nima qilsam boʻladi?

Gulnora, Jizzax shahri

1. Avvalo mutaxassis oʻrnatgan kiprikni oʻzi olib tashlashi kerak

Odatda yopishtirilgan kipriklar toʻgʻri olib tashlansa, tabiiy kipriklarga ziyon yetmaydi. Biroq, koʻpgina ayollar ortiqcha xarajatdan qochib yoki vaqtlarini ayab, sunʼiy kipriklarni uy sharoitida olib tashlashga urinadilar. Natijada ularga ziyon tadi, kipriklar yulinib, sinib, koʻrkamligini yoʻqotadi. Goʻzallik salonida esa mutaxassis yelimni erituvchi maxsus vositadan foydalanadi va tabiiy kipriklaringizga ziyon yetmaydi.

2. Afzali: sinalgan usul

Kanakunjut moyidan foydalanish kipriklarni qalinlashtiradi. Bu borada tengsiz boʻlgan  ushbu moyni qanday ishlatgan afzal? Uxlashdan oldidan moyga shimdirilgan paxtani koʻz ustiga qoʻysangiz, ertalab qovoqlaringiz shishib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun obdan qaynatilib tozalangan shisha idishga kanakunjut va chakanda moylarini teng miqdorda aralashtirib, solib qoʻyishni tavsiya etamiz. Demak, aralashmani kiprikning oʻzigagina surtsangiz, koʻz atrofidagi nozik terida shishlar paydo boʻlmaydi. 15-20 daqiqadan keyin ortiqcha yogʻni qoqoz sochiqchalar yordamida artib olasiz. Aralashmani muzlatkichda saqlash lozim. Shuningdek, boshqa yogʻlarni ham qoʻllab koʻrsangiz boʻladi. Masalan, bodom moyi kiprik toʻkilishining oldini olib, oʻsishini tezlashtiradi. Atirgul moyi esa qovoqlarning nozik terisiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, ajinlar tushishiga qarshi ajoyib tabiiy vositadir.

3. Tabiiy vositalardan yana biri — oʻsma!

Momolarimiz necha asrlardan beri qoʻllab kelayotgan oʻsma qosh va kipriklar uchun tengi yoʻq malham va goʻzallik bagʻishlovchi vositadir. Ajdodlarimiz qoʻllagan usulni bugunning oʻzidayoq boshlab, qoshlaringiz va kiprigingizni oziqlantiring.  Ular albatta koʻrkinggizga koʻrk bagʻishlaydi va koʻzlaringiz salomatligining garovidir.

4. Tabiiy usulda boʻyaymiz

Agar kipriklaringizni qora rangga boʻyashni istasangiz, sunʼiy boʻyoqqa murojaat qilib oʻtirmang. Buning tabiiy va sinalgan usuli mavjud. Demak, bir choy qoshiq kanakunjut moyiga xuddi shuncha miqdorda achchiq qilib damlangan qora choydan aralashtirib, kipriklarga surtasiz-da, 20 daqiqadan soʻng qogʻoz sochiqcha bilan artasiz. Amaliyotni hftada ikki marta bajarib tursangiz, kipriklaringiz qora tusga kira boshlaydi.

5. Zardob va dorilar vaqtinchalik chora

Muammoning chorasini internet tarmoqidan izlasangiz, birinchi navbatda, siz singari muammoga duch kelgan ayollarni koʻplab uchratishingiz mumkin. Shuningdek, oʻzlarining goʻzallik borasidagi maslahatlarini ayamaydigan bloggerlar ham bu borada oʻziga xos fikrlarni aytib oʻtishadi. Ular orasida qimmatbaho zardoblar va koʻz bosimini tushurish uchun moʻljallangan dorilardan foydalanishni tavsiya qiladiganlar ham uchraydi. Zinhor  ularning tavsiyalariga amal qila koʻrmang. Birinchidan, bunday vositalarning natijasi uzoq muddatli emas. Foydalanishdan toʻxtasangiz, bir oy oʻtib, moʻjiza tugaydi. Ikkinchidan, ularning tarkibida gormonlar mavjud boʻlib, dori vositalari xastalikni davolashga moʻljallangan. Muntazam qoʻllanganda aks taʼsir koʻrsatish ehtimoli mavjud. Biroq shifokor bilan maslahatlashgan holda V guruhi vitaminlarini qabul qilsangiz boʻladi.

6. Borini chiroyli koʻrsatamiz

Kipriklarni avvalgi holiga keltirgandan soʻng esa tushdan foydalanish mumkin. Bunda tushning sifati bilan birga chyotkasining turiga ham alohida eʼtibor qarating. Masalan, silikondan tayyorlangan chyotkalar kalta va qalin kipriklarga mos keladi.

 Oliy toifali vrach Shoira Bekchanova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.