Qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh rishtasining salbiy oqibatlari

0
289
marta koʻrilgan.

Oilani goʻzal bogʻu boʻston desak, farzandlarni  uning qirmizi mevalariga qiyos etgulik. Soʻlim bogʻni, yetilib pishgan neʼmatlarni koʻrganda koʻz quvonadi. Bahri dilingiz ochiladi. Sogʻlom oila jamiyatning mustahkam poydevori. Maʼnaviyat, salomatlik  nuqtai nazaridan aytsak, oila insoniyat naslini pok saqlovchi,  shaʼni va odamiyligini taʼminlovchi asosiy vositadir. Oila rishtasining asosida mehr- muhabbat turadi.  

Zero, Qurʼoni karimning  «Rum» surasinig 21- oyatida quyidagicha xabar beriladi: Uning oyatlaridan (yana biri) –U zot sizlar hamdam boʻlishlaringiz uchun oʻzlaringizdan juftlar yaratishi va oʻrtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

Oila qurish oʻta noziklik bilan puxta oʻylab bajariladigan vazifa! Zero, Amir Temur bobomiz kelin tanlash vazifasini davlat ishlari bilan teng qoʻyganligini taʼkidlab oʻtganlar. Kelajakda baxtni qoʻldan boy bermaslik, atrofdagilarga va oʻziga zahmat yetkazmaslik uchun oilain toʻgʻri oʻzanga qoʻyish muhimdir. Zero, oila mustahkam boʻlar ekan jamiyat mustahkam, oila tinch ekan jamiyat tinch boʻladi.

Hozirgi kunda baʼzilarni yaqin qarindoshlar bilan quda-anda boʻlishga intilishi kuzatilmoqda. Buning sababi  qarindosh-urugʻchilikni yanada mustahkamlash va mol-mulkni begonalar qoʻliga oʻtib ketishidan muhofazalash deb koʻrsatilmoqda. Lekin, tibbiyot olami olimlari yaqin qarindoshlar bilan oila qurishning salbiy oqibatlari koʻpligini taʼkidlashadi. Uning asosiy sababi turli irsiy kasalliklarning kuchayib ketishidir. Uning oldini olish katta ahamiyatga ega.  Eng asosiysi qon yangilanadi.

Zero, olimlarning taʼkidlashicha, yaqin qarindoshlar nikohi tufayli saksonga yaqin kasalliklar kelib chiqishi mumkin ekan. Jumladan, yoʻldosh gematomasi, temir moddasining oshib ketishi,  vaznning keskin kamayib ketishi aqliy oʻsishda yoki jismoniy  rivojlanishida salbiy holatlar yuzaga kelishi kuzatiladi. Amerika genetiklari yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohda irsiy kasalliklar va tugʻma nuqsonlar qon bir boʻlganligi uchun oila qurganda keskin darajada oshib ketishini taʼkidlashadi. Begonalar oila qurganida esa kuchli gen kuchsiz genni yengadi. Yaʼni immuniteti kuchli boʻladigan boʻlsa, boshqa tomonni oʻsha kasalligiga qarshi tura oladi.

 Shu vaqtgacha mingdan ortiq bemorlarning kasallik anketalari bilan tanishdim, yuzlab irsiy kasalliklarga chalingan odamlarning oʻzi bilan suhbatlashib, irsiy kasalliklarning tarqalishi bevosita  qorindosh -urugʻchilikka daxldor ekanligini kuzatdim. Chunki, deyarli oʻttiz yildan beri tashhis apparatida ishlayman, ilmiy tadqiqotlarim ham shu mavzuda. Huzurimga koʻplab homiladorlar keladi.  Homilasini skringda tekshirganida, nogironligini aytishganini yana bir marta  qaytadan tekshiruvdan oʻtish niyati borligini taʼkidlashadi. Ular orasida uchinchi marta mutaxassisga qayta tekshiruvga kelayotganlari ham topiladi. Ular najot, umid istashadi. Ularga rahmim ham keladi. Surishtirsam, koʻpincha yaqin qarindoshlar orasidagi nikoh rishtasi oqibati boʻlib chiqadi. Baʼzi birlari baribir ishonishmaydi. Vaqti soati kelib farzandni dunyoga keltiradi. Ammo.. Uch farzandi voyaga yetmasdan irsiy kasallik tufayli vafot etganlarni bilaman. Lekin, ular baribir umid qilishadi. Yangi oila qurishga majbur boʻlishadi. Shuni ham unutmaslik kerak, yaqin qarindoshlar orasidagi nikoh rishtasi tugʻilajak farzandlarning boʻy va vazn jihatidan pastlab ketishiga ham olib keladi.

Mutuxassislarning aytishicha, yaqin qarindoshlarning nikohi yetti avloddan keyin ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatishi mumkin ekan. Shuning uchun AQSHning ayrim shtatlarida yaqin qarindoshlar oʻrtasdagi nikoh qonunan taʼqiqlangan.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida va tibbiy maslahatxonalarda, mahallalarda bu borada olib borilayotgan tushuntirish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilganligiga qaramay, salbiy holatlar hamon tez-tez uchrab turibdi.

Aziz yoshlar va ota-onalar, ogoh boʻling farzandlar salomatligini koʻzlab ish qiling!

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.