Qazgʻoq — kishilar dunyo boʻylab eng koʻp duch keladigan inson vujudidagi kemtiklikdir. Buning sababi tanamizdagi biron ichki faoliyatning buzilishidandir. Shunday ekan, avval uning kelib chiqish sababini aniqlab, davolagan maʼqul. Quyida har bir uyda topiladigan mahsulotlar yordamida tayyorlanadigan qazgʻoqqa qarshi xalqona muolajalarni tavsiya qilamiz.
Qatiq va murch. Qazgʻoqning paydo boʻlishiga har bir inson tanasida mavjud boʻlgan zamburugʻ va bakteriyalar sabab boʻlishi mumkin. Oddiy holatda ular bizga zarar yetkazmaydi, biroq turli sabablar bilan immunitet pasayganda ular oʻz kuchuni koʻrsata boshlaydi. Shunday ekan koʻproq qatiq iching. Qatiq bosh terisini namlantirishning kuchli vositasidir. Qatiqqa murch qoʻshsak esa zamburugʻlarga qarshi malham hosil boʻladi.
Muolajani tayyorlash usuli: 150gr qatiq va 2 osh qoshiq maydalangan murchni aralashtirasiz va bosh terisiga surtasiz. Bir soatdan soʻng yuvib tashlaysiz. Momolarimiz azaldan sochni qatiq bilan yuvishganligining yana bir sababi sovun oʻrniga oʻtgan va sochni oʻstiruvchi xususiyatlari ham yoʻq emas. Shuningdek, turli xil tashqi taʼsirlardan asragan. Allergik holatlarning oldini olgan.
Zaytun yoki achchiq bodom yogʻi. Ushbu yoglar bosh terisini qurib ketishdan asraydi va sochlarning quyuqlashuviga koʻmaklashadi. Iliq zaytun yoki achchiq bodom yogʻini kechqurun bosh terisiga surtasiz va maxsus qalpoqcha kiyib, roʻmol bilan oʻrab qoʻyasiz. Ertasiga ertalab yuvib tashlaysiz.
Tabiiy olma yoki uzum sirkasi. Sirka zamburugʻ va zararli bakteriyalarni oʻldiradi. Bundan tashqari u qichishishni ham yoʻqotadi. Buning uchun uqalovchi harakatlar bilan suv qoʻshilgan sirkani bosh terisiga surtasiz va 30-40 daqiqadan soʻng shampun bilan yuvib tashlaysiz.
Istemol sodasi. Zamburugʻlarga qarshi vosita — sodadan tayyorlangan malham sochlarngizdagi qazgʻoqlarni yuvib tushiradi. Malham tayyorlash: Bir osh qoshiq shampunga 1 choy qoshiq soda qoʻshib sochlaringizni odatdagidek yuvib tashlaysiz. Bu malham bosh terisini oʻlik hujayralardan xalos etib, sochning yogʻlik darajasini tiklashga yordam beradi.
Limon sharbati. Qazgʻoqning paydo boʻlishiga yana bir sabab — bosh terisida kislotalik darajasining buzilishidir. Limon sharbati esa ushbu muhitni tiklaydi. Malham tayyorlash: Bir osh qoshiq limon sharbatiga 5 osh qoshiq istalgan shifobaxsh yogʻ (bodom, zaytun, pista) qoʻshib, bosh terisiga surtiladi. Oʻttiz daqiqadan soʻng yuvib tashlanadi.
Xina — momolarimizning qadimiy soch vositalaridan biridir. U qoʻplab soch kasalliklariga davo sanaladi. Xina kasallikning ilk davrlarida foyda boʻlib, u profilaktika vazifasini oʻtaydi. Ayniqsa oʻzingiz oʻstirgan xina juda maʼqul vositadir. U boʻlmasa tayyor xinalarni ishlatish mumkin. Malham tayyorlash: Bir choy qoshiq xinaga teng miqdorda quruq choy, limon sharbati va istalgan shifobaxsh yogʻ solib aralashtiriladi. Bosh terisiga surtib, 1 soatdan keyin shampun bilan yuvib tashlanadi. Agar sochlaringiz rangi oʻzgarishini istamasangiz rangsiz xinadan foydalanishingiz mumkin.
Rayhon. Undan bir necha asrlardan beri shifobaxsh oʻsimlik sifatida foydalanib kelinadi. U qazgʻoqda ham foyda beradi. Malham tayyorlash: rayhon barglarini maydalab ezib zaytun yogʻi bilan aralashtirasiz va bosh terisiga surtasiz. 50 daqiqadan soʻng yuvib tashlaysiz.
Taʼkidlaganimizdek qazgʻoq — noxush muammo. Ammo uni har bir xonadonda mavjud boʻlgan tabiiy oʻsimliklar yordamida bartaraf etish mumkin. Buning uchun eʼtibor va hafsala kerak, xalos.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi